4-oktabr kuni rahbar kadrlarni baholash markazini tashkil etish to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi muassisligida Rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil etiladi.
Markaz ijtimoiy-psixologik tadqiqotlar asosida davlat fuqarolik xizmatchilari uchun bazaviy, alohida lavozim yoki lavozimlar guruhi uchun kompetensiyalar modeli hamda indikatorlarini ishlab chiqadi.
Davlat fuqarolik xizmatchilarini shaxsiy-professional diagnostika qilish, kompleks baholash, bu jarayonda foydalanish uchun doimiy ravishda yangi uslublarni ishlab chiqish, o‘zlashtirish va joriy qilish ham mazkar vazifasi hisoblanadi.
Shu bilan birga, kompetensiyalarni baholash natijalari asosida rahbar kadrlar uchun shaxsiy-professional rivojlanish trayektoriyasi ishlab chiqiladi. Bu yangi texnologiyalardan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Markaz rahbarlik lavozimiga nomzodlarni umumiy kasbiy bilimi, qadriyatlari va aqliy salohiyatini aniqlash bo‘yicha test sinovlarini hamda psixologik so‘rovnomalarni o‘tkazib boradi.
Bu yerda rahbar kadrlar faoliyati samaradorligini baholash va monitoring qilish, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni prognoz qilish, ularni saralab olish va joy-joyiga qo‘yish jarayonlariga raqamli texnologiyalari va yangi usullarni keng joriy etiladi.
Shuningdek, markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ekspert-tahliliy faoliyat, ilmiy tadqiqot va izlanishlarni olib borishi kerak.
Avvalroq Mehnat inspeksiyasiga kameral nazorat o‘tkazish vakolati berilishi ma’lum qilingandi. 2025-yildan kasbiy ko‘nikmalar markazlarida tezkor kurslar tashkil etiladi. Ular ish beruvchilar talabiga moslashuvchan o‘qitish muddati va vaqtiga ega bo‘ladi.