Qish mavsumi uchun O‘zbekistondagi yerosti gaz omborlariga 5,1 mlrd kub metrdan ortiq gaz zaxirasi yig‘ilgan. Bu haqda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Lolazor” podkastida ma’lum qildi.
Vazir joriy yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik barvaqt boshlanganini, fevral oyida prezident tizimlarni, jumladan, qazib chiqarish, yetkazib berish, taqsimlash va generatsiyani tayyorlash bo‘yicha topshiriq berganini qayd etdi. Generatsiyada qo‘shimcha quvvatlarni ishga tushirishga alohida e’tibor berilgan.
Mirzamahmudov buning sababini oldingi yillarda generatsiyadagi taqchillik tufayli eng katta muammo yuzaga kelgani bilan izohladi. Iste’mol oshib borgani bilan yangi quvvatlar yetarli darajada bo‘lmagan.
“Eng asosiysi — juda katta hajmda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining generatsiya quvvatlariga qo‘shilishi… Albatta, barcha turdagi yoqilg‘i zaxiralarini tayyorlash [ishlari ko‘rildi]”, — dedi vazir.
Uning qayd etishicha, hozirda mamlakatda qish mavsumi uchun yerosti gazni saqlash omborlariga 5,1 mlrd kub metrdan ortiq gaz zaxirasi jamlangan. Bu o‘tgan yilgi hajmlarga nisbatan 1,1 mlrd kub metrga ko‘proq.
Joriy yilning 17-fevral kuni muzli yomg‘ir oqibatida Buxorodagi 110 kV kuchlanishli “L-Gazli-1”, “L-Gazli-2” elektr uzatish tarmoqlarida nosozlik yuzaga kelgandi. Vazir avariya natijasida beshta yerda uzilish bo‘lganini, uni bartaraf etishga ikki kun ketganini ta’kidladi.
Bundan tashqari, vazir, “Gazli” gaz ombori quvvati kengaytirilganini, hozirda ombor 4,5 mlrd kub metrgacha gazni saqlay olishini aytdi. Xususan, unda 4 mlrd kub metrdan ortiq, “Xo‘jaobod"da esa 790 mln kub metr atrofida gaz yig‘ilgan.
“Biz hozir ikkita yerosti gaz saqlash ombori — “Gazli” va “Xo‘jaobod"dan foydalanamiz. “So‘x” bo‘yicha biz ishchi guruh tuzganmiz, hamkasblarimiz bilan gaplashyapmiz, o‘rganilyapti. Masala shundaki, gazni saqlash ombori Qirg‘iziston hududida joylashgan, texnologik uskunalar va boshqa kompressorlar esa bizning hududda”, — dedi u.
U yerdagi texnologik obyektlarning barchasi O‘zbekiston mulki hisoblanadi. Hozirda shu bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.
2023-yilning 1-dekabridan mamlakat energetika tizimi 24 soatlik ish rejimiga o‘tgan. Prezident ob-havoga qarab, iliq kunlarda energiya resurslarini iqtisod qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Joriy yilning iyun oyida o‘tkazilgan davlat rahbari raisligidagi yig‘ilishda avariyaviy o‘chirishlarni to‘xtatish uchun yil oxirigacha muammolarni bartaraf etish topshirildi.
Bunda, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun 14 trln so‘m ajratilishi belgilangan. Yil yakunigacha 30 ming kilometr tarmoq, 10 mingta transformator yaxshilanadi.
Avvalroq “Hududiy elektr tarmoqlari” oktabr oyidan chiqindi xizmatlaridan qarzdorligi borlarga elektr to‘lovlari cheklanishi haqida ogohlantirish xabarlari jo‘natishni boshlagani haqida xabar berilgandi.