2025-yil boshigacha gaz yetib bormagan uylar uchun elektr iste’moliga pasaytiriluvchi narxlar qo‘llaniladi. Bu haqda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Lolazor” podkastida ma’lum qildi.

Vazir elektr energiyasining bir oylik iste’moliga bazaviy me’yorning (200 kVt/soat) joriy etilishi, keyinchalik uning miqdorini oshirish uchun emas, balki, tahlillar, me’yorlar hamda iste’moldan kelib chiqib, o‘rganilgandan keyin kiritilgan norma ekanini qayd etdi.

“Tahlillarga ko‘ra, 60%dan ortiq iste’molchi bu normadan kam ishlatgan. Statistik ma’lumotlarda elektr energiyasini ishlab chiqarish pasayib ketdi, deb aytyapti. Nimaga pasayib ketdi? Generatsiya quvvat bor, lekin iste’mol kam. Haqiqatdan ham, abonentlar sonining oshishi bilan birga, may oyidan keyin iyun, iyul va avgust hamda sentabr oylarida iste’mol kam bo‘ldi”, — dedi vazir.

Bundan tashqari, Jo‘rabek Mirzamahmudov gazlashtirilmagan uy-joylarni kuz-qish mavsumida qo‘llab-quvvatlash maqsadida hisob-kitob ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Bunda, nafaqat xonadonlar balki, ishlab chiqarish hamda maxsus iqtisodiy zonalar ham unga qamrab olinishi mumkin.

Vazir oldin generatsiya quvvatlari yetarli darajada bo‘lmaganini, endilikda uning yetarli darajada ekanligidan kelib chiqib, differensial tariflar ishlab chiqilishini qayd etdi. Bunda tabiiy gaz yetib bormagan, uylarini elektr energiyasi yordamida isituvchi iste’molchilar uchun 50% miqdorida chegirma qo‘llash rejalashtirilmoqda.

“Hozirda ko‘p qavatli uylar uchun bor bu chegirma. Gaz bilan ta’minlanmagan hovlilarga ham qo‘llash bo‘yicha topshiriq olganmiz. Hozir tegishli vazirliklar bilan qaror bo‘yicha ishlayapmiz. Nafaqat ularga [xonadonlarga], sanoat korxonalariga ham [qo‘llaniladi]. Yuqori yuklanishli vaqtlar — kechki va ertalabki vaqtlarda oshiriluvchi koeffitsient bo‘lsa, qolgan paytlarda pasaytiriluvchi koeffitsient ishlatish [mumkin bo‘ladi]. Ya’ni, 10%, 15%, 20%, 30%gacha”, — dedi Mirzamahmudov.

Energetika vaziri bunga misol sifatida elektromobillarni quvvatlash bo‘yicha topshiriq berilganini, ularning hisob-kitobi alohida qilinayotganini qayd etdi. Ya’ni, ularning quvvatlash vaqti uchun tariflar alohida belgilanadi. “Shundagina energiya tizimimizni me’yorida saqlab, muvofiqlashtira olamiz”, — dedi u. Iyul oyida elektromobillarni quvvatlash uskunalari uchun alohida hisoblagich o‘rnatish rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Shuningdek, vazir gazlashmagan hovlilar uchun kamaytiruvchi tariflarni qo‘llash yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan qaror bo‘yicha kelishib, hisob-kitobi olib borilayotganini bildirdi.

“Agar mana shu oy [sentabr] yakunlasak, qarorni kiritamiz. Bunda ishlab chiqaruvchilarni ham inobatga olgan holda, [2025-yilning] 1-yanvaridan [joriy etishga] harakat qilamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Mirzamahmudov.

Shuningdek, u elektr energiyasiga o‘rnatilgan ijtimoiy norma bo‘yicha muhokamalarni to‘xtatishga chaqirdi.

Iyun oyi boshida o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ijtimoiy norma doirasida mamlakatda gaz bilan ta’minlanmagan xonadonlarning uchdan bir qismini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.

Unda deputat Doniyor G‘aniyev bu bo‘yicha savol bilan yuzlanib, “bu qaror og‘riqli bo‘lishiga qaramay, qilishimiz kerak bo‘lgan narsa edi”, deya qayd etdi.

“Joylarda tushuntirish ishlarini olib boryapmiz, manzilli ro‘yxat asosida tegishli odamlarga subsidiya berilishini tushuntiryapmiz. Lekin, joylarda ijtimoiy limit bo‘yicha e’tirozlar bo‘lmoqda. Eng katta e’tirozlardan biri — limitni belgilashda tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan fuqarolarning ehtiyojlari inobatga olinmagani”, — degandi o‘shanda deputat.

2023-yilning 1-oktabridan yirik korxonalar, budjet tashkilotlari, kompaniyalar va boshqa yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz narxlari oshirildi.

Joriy yilning 1-mayidan iste’molchilar ijtimoiy norma asosida haq to‘lashni boshlashdi. Kelgusi yilning aprel oyidan fuqarolar uchun tariflarni yana oshirish rejalashtirilgan.

Jo‘rabek Mirzamahmudov tariflarni belgilashda xarajatlarning bir qismini qoplash, jumladan, tabiiy gazni import qilish xarajatlari ham inobatga olinganini ta’kidladi. Bundan tashqari, vazir tariflar oshirilishi fonida elektr va gaz iste’moli kamayganini ma’lum qildi.

Fan doktori Behzod Hoshimov “Spot” bilan suhbatda tariflarni oshirish yechim emasligini, energetika sohasini isloh qilish zarurligini qayd etgandi.