Joriy yilning 1-dekabrigacha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati haqida ma’lumot beruvchi mobil ilova ishlab chiqiladi. Bu haqda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Lolazor” podkastida ma’lum qildi.
Vazir o‘tgan hafta davomida IT-kompaniyalar bilan tizim haqida muhokama bo‘lganini, dastur ustida ish olib borilayotganini qayd etdi. Tizim stansiyalarga tavsiyaviy asosda taqdim etiladi.
“Kim mobil ilova yoki bizning saytimiz orqali tizimga ulanadigan bo‘lsa, bu bepul bo‘ladi. Faqat, biz, ularning xarajatlarini qoplash maqsadida kompaniya bilan gaplashdik. Ular bilan Energetika vazirligi orqali shartnoma qilib, tizim va ilovani yaratib berish bo‘yicha kelishdik. Tegishli yoqilg‘i quyish shoxobchalari qo‘shimcha servisi yoki reklamasi uchun mobil ilovani ishlatsa, qandaydir to‘lov bo‘ladi”, — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Bunda, mazkur ilovani ishlatish yoki ishlatmaslik yoqilg‘i quyish shoxobchalarining ixtiyorida bo‘ladi.
Mobil ilovada qaysi “zapravka"ga gaz chiqarilgani hamda ularning ish vaqti haqidagi ma’lumotlar real vaqt rejimida berib boriladi. Texnik sabablarga ko‘ra yopilgan AGTKShlar esa bundan mustasno. Shuningdek, ular tomonidan ma’lumotlarning taqdim etilishi majburiy bo‘lmaydi.
“Biz gaz qaysi “zapravka"larga berilganini chiqaramiz. Undan muammo yo‘q. “Ishladi-ishlamadi” — uni beramiz, lekin kim qancha gaz oldi uni [ma'lumotni] berolmaymiz”, — dedi vazir.
Shuningdek, Mirzamahmudov mazkur ilova joriy yilning 1-dekabrigacha ishlab chiqilishini qo‘shimcha qildi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov yoqilg‘i quyish shoxobchalari bu ilovani ishlatish yoki ishlatmasligi o‘zining ixtiyorida bo‘lishi “g‘alati va hayron qoldirishi"ni qayd etdi.
“Agar 1300dan ortiq “zapravka"larning barchasida ilovaga axborot uzatish majburiyati bo‘lmasa, ilovaning hech qanday amaliy foydasi bo‘lmaydi-ku. Axir defitsit sharoitida “zapravka"lar birinchi navbatda metanni yashirib sotishdan manfaatdor bo‘ladi-ku”, — deya yozadi u.
Joriy yilning 22-aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev “Hududgazta'minot” tasarrufidagi metan “zapravka"lar ishlashi haqida ma’lumot beruvchi mobil ilova ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.
Ilova “Yandex” kompaniyasi bilan ishlab chiqilib, unda mamlakatda faoliyat yuritayotgan “zapravka"larning ishlash tartibi haqida ma’lumotlar beriladi.
2023-yilning fevral oyida AYoQShlarga yetkazib berilgan AI-80 avtobenzini haqida ma’lumot berish maqsadida “Toshkent AYoQShlari” Telegram-kanali tashkil etilgandi. Biroq, kanal hozirda faoliyat yuritmaydi.
Dekabrga kelib, Antimonopol qo‘mita “Benzin narxi” Telegram-botini ishga tushirdi. U orqali foydalanuvchi yaqin joyda joylashgan shoxobchani tanlab, benzin turi va narxi haqida ma’lumot olishi mumkin edi. Lekin bot ham hozirda faol emas.