4-oktabr kuni “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida Bandlik vazirligiga mehnat bozorini, band va ishsiz aholini tarkibiy tahlil qilish, ishsizlarni manzilli aniqlash va ularning hisobini yuritish topshirildi.
Vazirlik, shuningdek, aholi bandligini ta’minlash dasturlarini shakllantirish, bo‘sh ish o‘rinlari hisobini yuritish, ishsizlarni ishga, kambag‘allikni qisqartirish, hokim yordamchilari faoliyatini muvofiqlashtirish vazifalarini oldi.
Qaror bilan, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tugatildi.
2025-yilning 1-dekabrigacha 50ta tumanda, 2026-yilda qolgan tumanlarda 50−100 gektardan ijara asosida ajratilgan qishloq xo‘jaligi yer maydonlarida sanoatlashgan plantatsiya, bog‘ va uzumzorlar tashkil etiladi.
Shu bilan birga, bu tumanlarda kamida 40 gektar maydonda “bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida yuqori daromadli va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha namunaviy loyihalar amalga oshiriladi.
Sanoat kirib bormagan mahallalarda kelasi yilning 1-dekabrigacha 1 mingta, 2026-yilda 2 mingta qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda kichik ishlab chiqarish loyihalari ishga tushiriladi.
“Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlari negizida kasbiy ko‘nikmalar markazlari tashkil etiladi.
Ularda 2025-yildan ish beruvchilar talabiga moslashuvchan o‘qitish muddati va vaqtini nazarda tutuvchi tezkor kurslar tashkil etiladi. 1-martdan amaliy kasbiy ko‘nikmalarni bevosita ish joyida shakllantirish imkonini beruvchi yangi tajriba joriy etiladi.
2026-yilgacha kasbiy ko‘nikmalar markazlarini xalqaro baholash tashkilotlarining akkreditatsiyasidan o‘tkazish orqali ularning bitiruvchilariga xorijda tan olinadigan sertifikatlar (malaka pasportlari) berish yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyulgacha xalqaro standartlar bo‘yicha kasbiy malakani baholovchi markazi tashkil qilinadi va xorijiy davlatlarda tan olinadigan malaka sertifikati beriladi.
Hujjatda 2025-yilning 1-martidan Davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari mansabdor shaxslariga kameral nazorat o‘tkazish vakolati beriladi. Ular mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish, aholi bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaganligini nazorat qiladi.
Shuningdek, mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarda mehnat huquqlari va mehnat muhofazasi ta’minlanganlik holati onlayn reyting asosida baholanadi.
Sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda shu yilning o‘zida 500 ming, kelgusi yilda yana 1 mln odamni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi boshlanishi ma’lum qilingandi.
Undan keyin, prezident qarori bilan mazkur dasturni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unda aholini kambag‘allikdan chiqarishning yo‘nalishlar va hududlar kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.