Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Lolazor” podkastida O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishiga munosabat bildirdi.
Vazir bu hozirgi kunda texnologik jihatdan eng xavfsiz jarayon ekanini qayd etdi. Bunda Fukusima hamda Chernobelda yuz bergan avariyalar natijasida aniqlangan omillar inobatga olingan.
“Tashqi va ichki omillar inobatga olingan taqdirda ham xavfsizlik jihatidan, umuman, radiatsiyaning chiqish ehtimoli pasaytirilgan. Ehtimollik nazariyasi asosida, hatto avariya sodir bo‘lgan, tashqi elektr ta’minoti uzilgan taqdirda [tizim] inson omilisiz reaktorni 72 soat davomida o‘chirib, sovutadi”, — dedi Mirzamahmudov.
Uning tushuntirishicha, AESdagi reaktorda erish sodir bo‘lib, undagi modda pastga tushadigan bo‘lsa, shishalanish jarayoni orqali bu qotirilib, yopiladi.
Shuningdek, vazir mamlakatda AES qurish borasida jarayon kichik reaktordan boshlanib, mutaxassislar tayyorlanishini qayd etdi. “Bizga baribir katta reaktor kerak” dedi u. Buning sababi, 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi elektr energiyasi ulushini 40%ga yetkazish belgilangani bilan bog‘liq.
Kichik AES qurilishi loyihalash bosqichida bo‘lib, “Magate” xalqaro atom energiyasi agentligi qurilish maydonini tanlashda o‘z tavsiyalarini bergan. Vazirga ko‘ra, agentlik tomonidan maydonning mezonlarga to‘g‘ri kelishi yuzasidan ikkita missiyasi amalga oshirilgan.
“„Magate“ maydonni kelib ko‘rdi, talablarga to‘g‘ri kelishini tasdiqladi. Endi keyingi bosqichga o‘tilmoqda… Texnik-iqtisodiy asoslari (TIA) ishlab chiqilib, loyihalashtirilgandan keyin tannarx chiqadi”, — dedi u.
Vazirning ma’lum qilishicha, loyiha dastlabki hisob-kitob qilinib, uning asosida loyiha boshlangan. Mirzamahmudov TIA jarayoni tugagandan keyin, uning qiymatini ochiqlashga va’da berdi.
Shuningdek, kichik AES qurilishi jarayonining boshlanishi tegishli litsensiyani olishga bog‘liq bo‘lib, bu jarayon ayrim mamlakatlarda ikki yilni, ayrimlarida esa bir yilni oladi.
“Qurilish jarayonining o‘zi — 60 oy, ya’ni besh yil. Lekin eng murakkabi bu tayyorgarlik, loyihalash, umuman, kelishish jarayonidir”, — dedi vazir.
U “2040-yilga borib, O‘zbekistonda katta AES qurilishi mumkinmi?”, degan savolga “Albatta”, deya javob berdi. Shu bilan birga, bu AESsiz uglerod neytralligiga erishishning imkonsiz ekanligi bilan izohlandi.
Kichik AES qurilishi
Joriy yilning 27-may kuni “O‘zatom” va “Rosatom” kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.
Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati “Spot"ga kam quvvatli AESning birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekiston uran zaxiralarini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
Iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.
Sentabr oyida “O‘zatom” va “Rosatom” o‘rtasida kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat qurilish maydonchasida tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.