30-sentabr kuni O‘zbekiston milliy malaka tizimini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, milliy malaka tizimini isloh qilishda malaka tizimining normativ-huquqiy, institutsional va uslubiy asoslari takomillashtiriladi.
Norasmiy va informal orttirilgan ko‘nikma va malakalarni tan olish (“Recognition of Prior Learning”) tizimi joriy qilinadi. Shu bilan birga, quyidagi vosita va metodologiyalar ishlab chiqiladi:
- ko‘nikmalarni prognozlashtirish (“skills anticipation”);
- ko‘nikmalarga bo‘lgan ehtiyojlarni tahlil qilish (“skills needs analysis”);
- ko‘nikmalar bilan bog‘liq kamchiliklarni o‘rganish (“skills gap analysis”).
Bundan tashqari, hujjat bilan “Ta'lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi huzurida Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti tashkil etiladi.
2025-yilning 1-fevraligacha institutda Milliy malaka tizimini rivojlantirish bo‘yicha malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Kelasi yilning 1-noyabrigacha esa yagona raqamli platforma ishlab chiqilib, amaliyotga kiritilishi ta’minlanadi.
Shuningdek, 2026-yilning 1-dekabriga qadar xorijiy tajriba asosida kasbiy standartlar ishlab chiqiladi. Bu o‘z ichiga 1800ta kasbni qamrab oladi.
Avvalroq Rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Markaz davlat fuqarolik xizmatchilarini baholab, uning natijasi asosida shaxsiy-professional rivojlanish trayektoriyasini ishlab chiqadi.