6-oktabr kuni Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha referendum o‘tkazildi. Mamlakat Markaziy saylov komissiyasi uning dastlabki natijalarini ma’lum qildi.
Referendumda 7,82 mln kishi yoki ovoz berish huquqiga ega qozog‘istonliklarning 63,6%i ovoz berdi. Saylovda eng yuqori ishtirok Qizilo‘rda (82,2%) va Turkiston viloyatlarida (75%), eng past ko‘rsatkich Olmaota (25,2%) va Ostona (51,1%)da kuzatilgan.
Atom elektr stansiyasi qurilishi haqidagi savolga 5,56 mln kishi yoki ovoz berganlarning 71,1%i ijobiy javob berdi. Qo‘stanay viloyatida qo‘llab-quvvatlaganlar ulushi eng yuqori (82,2%), Olmaotada eng past (54,7%) bo‘ldi.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2023-yil sentabrida xalqqa murojaatida atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha referendum o‘tkazilishini e’lon qildi. Oradan bir yil o‘tib, davlat rahbari referendum o‘tkazish sanasini belgilab, ovoz berishni “tinglovchi davlat” tushunchasining ko‘rinishi deb atadi.
2021-yil dekabrida Qozog‘iston va “Rosatom” o‘rtasida atom elektr stansiyasi qurish bo‘yicha muzokaralar olib borilgani ma’lum bo‘ldi. Mamlakat hukumati bu zaruratni energiyaga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgan iqtisodiyotni “yashil” o‘tish va karbonsizlantirish rejalari bilan izohladi.
Qozog‘iston energetika vaziri Bolat Akchulakov AES qurilishini istiqbolli yechim deb atadi. U mamlakatda atom energetikasini rivojlantirish uchun barcha qulayliklar mavjudligini, jumladan uran zaxiralari va mavjud yadro yoqilg‘isi ishlab chiqarishni ta’kidladi.
Qozog‘iston Energetika vazirligi 2023-yil avgust oyida AES qurilishi uchun potensial joy tanlashni e’lon qildi. Hudud sifatida Olmaota viloyati, Jambil tumani, Ulken qishlog‘i tayinlandi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha birinchi shtab ish boshlagani haqida yozgandi.
Xususan, 6 blokli kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha shartnomaning kuchga kirishi borasida bayonnoma imzolandi.