“Telegram” jamoasi messenjerning yangi versiyasini taqdim etdi. Android va iOS uchun ilova 11.2 versiyasiga yangilandi.
Hadyalar
“Telegram” foydalanuvchilari endi bir-birlariga “Telegram Yulduzlar” evaziga hadyalar yuborishi mumkin. Hadyalar maxsus xabar bilan to‘ldirish, masalan, bayram yoki muhim voqea bilan tabrik yozish mumkin bo‘lgan animatsiyali sanʼat asariga o‘xshaydi.
Hadya olganda uni profilning yangi “Hadyalar” sahifasida ko‘rsatish yoki hadyani rad etib, uning yulduzlarini boshqa joyga, jumladan, ko‘proq hadyalarga sarflash uchun olish mumkin.
Hadya yuborish uchun foydalanuvchi profilini ochish va ⋮ / ⋯ > Hadya yuborish tugmasini bosish kerak. Istalgan xabar yoki emoji qo‘shish mumkin.
Foydalanuvchi hadya yuborayotganda ismini berkitishni tanlashi mumkin. Qabul qiluvchi shunda ham uni kim yuborganini biladi, lekin agar hadya uning profilida ko‘rsatilsa, boshqa hech kim ismni ko‘rmaydi.
Tasdiqlash platformasi
Endi har qanday biznes, ilova yoki veb-sayt “Telegram” orqali tasdiqlash kodlarini yuborishi va ular uchun “Fragment” orqali to‘lashi mumkin.
“Telegram” kodlari tezroq, arzonroq, xavfsizroq hamda SMS va boshqa muqobillarga qaraganda qulayroq.
Foydalanuvchilar “Telegram” ichidagi maxsus chatda kodlarga ega xabarlarni darhol oladi.
“Telegram” Gateway APIʼni sinab ko‘rish mutlaqo bepul. Qiziquvchi dasturchilar batafsil qo‘llanmada ko‘proq maʼlumot olishi mumkin.
Yaxshilangan shikoyat qilish interfeysi
Har kuni “Telegram” moderatorlari Xizmat shartlarini buzadigan millionlab kontentlarni olib tashlaydi. 2015-yildan buyon barcha “Telegram” ilovalari foydalanuvchilarga xabarlar ustidan moderatorlarga shikoyat qilish imkonini beradi.
Moderatorlarning shikoyatlarni keng ko‘lamda qayta ishlash qobiliyatini yanada yaxshilash va sun’iy intellekt imkoniyatlarini yanada takomillashtirish uchun shikoyat menyusi har bir turkum uchun batafsil variantlar bilan kengaytirildi.
Shikoyat qilish sabablari ro‘yxati endi serverdan dinamik ravishda yangilanadi, bu sodir bo‘layotgan voqealar va tendensiyalarga moslashgan holda real vaqt rejimida eng dolzarb shikoyat sabablarini taklif qilish imkonini beradi.
Xabar ustidan shikoyat qilish uchun Android qurilmada uni bosish, iOS qurilmada bosib turish yoki Desktop yoki Webda sichqonchaning o‘ng tugmasini bosish va “Shikoyat qilish” bandini tanlash kerak.
iOS uchun ilovada yangilangan video chatlar
Bu yangilanishda iOS uchun ilovada video chatlar interfeysi to‘liq qayta yangilandi — endi guruhli chaqiruvlar kamroq resurslarni talab qiladi, bu batareya quvvatini tejash imkonini beradi.
Shuningdek, qurilma uzoq chaqiruvlar vaqtida sezilarli darajada kamroq qiziydi — hatto o‘nlab ishtirokchilar bilan bir nechta videooqimda ham.
“Telegram"dagi video chatlar foydalanuvchiga kamerani ko‘rsatish va ekranni namoyish qilish imkonini beradi.
Android uchun RTMP strimlari
“Telegram” Android uchun endi RTMP bilan jonli efirni dastaklaydi — bu strim kalitini yaratish va video tasvirni “OBS Studio” va “XSplit Broadcaster” kabi mashhur ilovalarga ulash imkonini beradi.