Markaziy bankning 8-oktabr holati bo‘yicha bergan ma’lumotida, dollarning so‘mga nisbatan qiymati 12 794,88 so‘m so‘mni tashkil qilmoqda.
Amerika valyutasi 4-oktabr kuni belgilangan 12 775,02 so‘m qiymatga nisbatan qariyb 20 so‘mga qimmatladi.
8-oktabr kuni “KDB Bank Uzbekistan”, “Infinbank” va “Garantbank"da sotish kursi 12 855 so‘mni tashkil etmoqda. Qolgan banklarda esa sotish narxi 12 850 so‘mdan 12 800 so‘mgacha belgilandi.
Banklarda sotib olish narxi esa 12 770 so‘mdan 12 720 so‘mgacha yetdi.
7-oktabr kuni dollar kursi uchinchi marta rekord darajani qayd etib, 12 794,88 so‘mni tashkil etdi. Bungacha dollar kursi 4-oktabr va 2-oktabr kunlari rekord darajani qayd etgandi.
Avvalroq “Spot” dollarning rasmiy kursi sentabr oyida qanday o‘zgargani haqida yozgandi.
O‘zbek so‘mi ketma-ket ikkinchi oy biroz arzonlashdi. Sentyabr oyida milliy valyuta 75 so‘mdan ortiq qiymatni yo‘qotdi.
Ekspertlarning fikricha, birinchi yarim yillikda so‘m real kursining mustahkamlanishi vaqtinchalik xarakterga ega bo‘ldi.
Yil oxirigacha tahlilchilar tashqi savdo taqchilligining o‘sishi va pul o‘tkazmalarining qisqarishi tufayli milliy valyutaning zaiflashuvi tezlashishini kutmoqda.
Bundan tashqari, birinchi yarim yillikda dollar kursining o‘tgan yilga nisbatan kamroq qimmatlashuvi dollarning ko‘proq kelib tushishi hamda eksport o‘sishi kabilar bilan bog‘liq.
O‘tgan yilning 10-avgust kuni Amerika valyutasi birinchi marotaba 12 ming so‘m chegarasidan o‘tdi. Rasmiy kursning 400 so‘mga sakrashi 2018-yilda valyuta bozori liberallashganidan beri eng keskin ko‘tarilishdir.