Joriy yilning sentabr oyida 99ta IT-kompaniya “IT Park” rezidenti maqomini oldi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, ularning 29tasi Buyuk Britaniya, Singapur, Hindiston, Malayziya va Germaniya kabi mamlakatlar sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan.
Yangi rezidentlarning uchdan ikki qismi, ya’ni 66tasi eksportga yo‘naltirilgan. Ularning biznes-rejalariga ko‘ra, dastlabki yilida mahalliy mutaxassislar uchun 700dan ortiq ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, 22ta kompaniya dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish, 19tasi — autsorsing, 16tasi — dasturiy mahsulotlarni sotish hamda 3tasi kreativ industriya sohasidagi xizmatlar bilan shug‘ullanadi.
Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarining O‘zbekiston IT-sohasiga qiziqishi ortmoqda. Xususan, Singapurning “BIPO Services Silk Road” kompaniyasi IT-autsorsing xizmatlarini ko‘rsatish uchun o‘z ofisini ochmoqda. Kompaniya eksport hajmini $1 mlnga yetkazishni rejalashtirgan.
Malayziyaning “SummitNext” kompaniyasi ham O‘zbekistonda 110 nafargacha xodim ishlovchi autsorsingga ixtisoslashgan ofis ochadi. AQSh, Germaniya, Hindiston kabi mamlakatlar kompaniyaning asosiy eksport bozori bo‘lib, eksport hajmi $1 mlnni tashkil etadi.
Natijada, “IT Park” rezident-eksportchilarining umumiy soni 936taga, rezidentlar orasidagi xorijiy kompaniyalar soni esa 574taga yetdi. Umuman, rezidentlarning yagona reyestriga ko‘ra, ayni paytda bu maqomga ega 2344ta kompaniya mavjud.
Joriy yilning 1-oktabridan rezidentlar kompaniyalar uchun minimal eksport talablari kuchga kirdi. Endi eksport yirik rezidentlar umumiy daromadining kamida 10%ini tashkil etishi zarur. Bu miqdor bosqichma-bosqich oshirib boriladi.