Vertikal uchish va qo‘nish elektr transport vositalari (eVTOL) ishlab chiqaruvchisi “Joby Aviation” 2025-yil oxirigacha Nyu-York va Los-Anjelesda “havo taksisi"ni ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Business Insider” nashri xabar berdi.
Kompaniya qurilmalari avtomobillar va vertolyotlarga muqobil sifatida qaralmoqda. Startap “Toyota” va “Delta Airlines” kompaniyalaridan investitsiyalarni jalb qilib, “Uber” bilan hamkorlikka kirishdi.
Qayd etilishicha, sayohat narxi “Uber Black” tarifi darajasida bo‘ladi — taxminan $100−200. Kelajakda u “Uber XL” narxlariga tushishi mumkin — $50−100.
“eVTOL Joby"ning asosiy afzalliklaridan biri uning past shovqin darajasidir. “Joby” bosh direktori Joben Bevirtning so‘zlariga ko‘ra, 500 metr balandlikda qurilmadan chiqadigan ovoz “daraxtlardagi shamol ovoziga” o‘xshaydi. “NASA” parvoz shovqin darajasini atigi 45,2 detsibel deb qayd etdi, bu muzlatgichdan ham jimroq.
“Joby” shuningdek, White Plains va Long Island kabi uzoqroq aeroportlarga yo‘nalishlarni kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Delta allaqachon Nyu-York va Los-Anjelesda VTOL (vertiport) saytlarini ishlab chiqish ustida ishlamoqda.
Shuningdek, Xitoy, BAA va boshqa mamlakatlarda havo taksilarini joriy etish kutilmoqda. “Joby” modellari Dubayda 2026-yil boshida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
“The Telegraph” nashrining yozishicha, dastlabki bosqichda uchar taksilar premium xizmatlar bilan taqqoslanadigan darajada qimmat bo‘lishi mumkin.
Avvalroq “Spot” “Boeing” uchuvchisiz uchar taksilarni ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Kompaniya 2030-yilgacha bunday avtomobillar bilan o‘zi boshqariladigan taksilar xizmatini yo‘lga qo‘yishi kutilmoqda.