Markaziy bank kredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarga onlayn kredit ajratish jarayonida bank kartalari bilan bog‘liq shubhali frod operatsiyalarining oldini olishga qaratilgan vaqtinchalik tartibni joriy qilmoqda.
Qayd etilishicha, mazkur tartib 2024-yilning 1-noyabridan 2025-yilning 1-apreliga qadar amal qiladi.
Unga ko‘ra, endilikda fuqarolardan ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan o‘tishlari talab etiladi.
Bu talabgorning arizani shaxsan o‘zi tomonidan berilganligini aniqlash va uning shaxsiga aniqlik kiritish imkonini beradi.
Vaqtinchalik tartibga ko‘ra, kredit tashkilotlari fuqaro kredit olish uchun ariza yuborganidan keyin uning kredit byurolari ma’lumotlar bazasidagi kredit tarixini 2 bosqichda (ariza tushgandan so‘ng hamda kredit mablag‘lari ajratilishidan oldin) tekshirishdan (skoring) o‘tkazadi.
Tekshiruv natijasida mijozning salbiy kredit tarixi yoki qarz yuki keskin oshgani aniqlansa, qisqa davr ichida bir nechta kredit rasmiylashtirilgan va qarz yuki keskin oshgan bo‘lsa, kredit ajratish rad etilishi yoki boshqa summada ajratilishi to‘g‘risida xabar beriladi.
Bu esa, firibgarlar aldoviga uchgan fuqarolar nomiga bir nechta kredit tashkilotidan kredit mablag‘lari ajratilishining oldini oladi.
Bundan tashqari, fuqaro kredit tashkiloti mobil ilovasidan yangi ro‘yxatdan o‘tib yoki mavjud akkauntga boshqa qurilmadan kirib, birinchi marta onlayn kredit olganda, mazkur kredit ajratilganidan boshlab 48 soat davomida quyidagi cheklovlar o‘rnatilishi belgilanmoqda:
- kredit hisobidan P2P amaliyotlar;
- jismoniy shaxslar hisobvaraqlari va elektron hamyonlarga o‘tkazmalar;
- mobil aloqa operatorlari orqali telefon raqami hisobini to‘ldirish;
- chet elga pul o‘tkazmalari hamda onlayn valyuta ayirboshlash operatsiyalari.
Mazkur cheklovlarni yechish uchun mijoz 48 soat ichida kredit tashkiloti tomonidan yuborilgan SMS-xabarda qayd etilgan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, kreditni firibgarlar ta’sirisiz olganligini ma’lum qiladi, kredit tashkiloti xodimi esa mijozga qayta bog‘lanib, berilgan ma’lumotlar to‘g‘riligini tekshirib, qo‘shimcha tasdiqdan o‘tkazadi.
Yuqorida qayd etilgan cheklovlar ajratilgan kredit mablag‘larini fuqaro o‘z ixtiyoriga ko‘ra naqdlashtirishiga yoki tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish kabi operatsiyalariga ta’sir ko‘rsatmaydi va bu operatsiyalar hech bir cheklovlarsiz amalga oshirilishi mumkin.
Kredit mablag‘lari fuqaroning bank kartasiga o‘tkazilgandan keyin pul mablag‘lari sarflanmagan bo‘lsa, 48 soat ichida kredit olishga ariza mijoz tomonidan firibgarlar ta’sirida berilgani aniqlansa yoki mijoz qo‘shimcha tasdiqdan o‘tishni amalga oshirmasa, kredit shartnomasi kredit tashkiloti tomonidan bekor qilinadi va ajratilgan pul mablag‘lari kredit tashkiloti hisobiga qaytariladi.
Iyul oyida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov onlayn kredit berish talablarini kuchaytirilishini va bu bo‘yicha yangi talablar tez orada banklarga yetkazilishini ma’lum qilgandi.
“Onlayn kredit olish masalasidagi firibgarlik bizni juda o‘ylantirayotgan masala. Biz qonunchilikka bir qator o‘zgartirishlar kiritdik”, — degan edi Mamarizo Nurmuratov.
Bundan tashqari, regulyator fuqarolar o‘rtasidagi shubhali pul o‘tkazmalarini to‘xtatib qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Joriy yilning aprel oyida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga qaratilgan prezident qarori loyihasi ishlab chiqilib, hukumatda ko‘rib chiqilayotgani ma’lum bo‘lgandi. Hujjatda fuqarolar o‘rtasidagi shubhali pul o‘tkazmalarini nazorat qilish taklif etilgandi.