Nobel qo‘mitasi fizika bo‘yicha 2024-yilgi mukofot amerikalik olimlar Jon Xopfild va Jeffri Xintonga berilishini eʼlon qildi.
Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasi taʼkidlaganidek, mukofot ularga “sunʼiy neyron tarmoqlardan foydalangan holda mashinali o‘qitish imkonini beruvchi fundamental kashfiyotlar va ixtirolar uchun” taqdim etildi.
Prinston universitetidan (AQSH) Jon Xopfild assotsiativ xotira modelini ishlab chiqdi. “Xopfild tarmog‘i” tasvirlar va ma’lumotlardagi qonuniyatlarni saqlash va qayta tiklash uchun elementar zarralarning impuls momentiga (spiniga) o‘xshash tamoyillardan foydalanadi.
Tarmoqni o‘qitish uning tugunlari orasidagi bog‘lanish qiymatlarini izlash asosida amalga oshiriladi, bunda tasvir eng kam energiya hajmidan foydalanadi. Buzilgan yoki tugallanmagan tasvirni kiritishda tarmoq eng yaqin tasvirni topish uchun tugunlarning qiymatlarini bosqichma-bosqich yangilaydi.
Toronto (Kanada) universitetidan Jeffri Xinton Xopfildning ishlari asosida ma’lum turdagi ma’lumotlardagi xossalarni avtonom ravishda topishga imkon beradigan usulni yaratdi. Bunda statistik fizika yondashuvlaridan foydalanilgan.
Tarmoqni o‘qitishda u eng katta ehtimollik bilan duch kelishi mumkin bo‘lgan namunalardan foydalaniladi. Undan tasvirlardagi ma’lum elementlarni aniqlashda, shuningdek, o‘qitishda foydalanilgan ma’lumotlar asosida yangi namunalarni yaratishda foydalanish mumkin.