Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Lolazor” podkastida so‘nggi paytlarda tadbirkorlarni quyosh panellarini o‘rnatishga majburlash holatlari kuzatilayotganiga izoh berdi.
Vazir quyosh panellarini majburiy o‘rnatishga qarshi ekanini, yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarining oshirilishi ularni “yashil” energiyadan foydalanishga rag‘batlantirganini ta’kidladi.
Mirzamahmudovning aytishicha, majburlashga duch kelgan tadbirkorlar u bilan shaxsan bog‘lanishgan. Shuningdek, u Sirdaryo viloyatida bo‘lgan holat bo‘yicha munosabat bildirib, aybdorlar tegishli jazo olganini qayd etdi.
Agar tadbirkorlarda quyosh panellarini o‘rnatishga majburlash holati kuzatilsa, 71 231 14 41 telefon raqami orqali vazir qabulxonasiga murojaat qilishlari mumkin. Vazir bunday holatlar uchun aybdorlarga tegishli choralar ko‘rilishini aytdi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov tadbirkorlarni quyosh panellarini o‘rnatishga majburlashdan ko‘ra, rag‘batlantirish taklifi bilan chiqdi. Xususan, u elektr energiyasi uchun to‘lovlarni 100% oldindan to‘lovchilarga, ishlab chiqarish quvvati belgilangan darajaga yetsa, 50% oldindan to‘lov qilishga ruxsat berish mumkinligini ta’kidladi.
Bakirov tadbirkorlar uchun energiya tariflari ko‘tarilgandan keyin, quyosh panellarini majburiy o‘rnatish amaliyoti to‘xtatilganini, lekin hozirda qaytadan boshlangani bo‘yicha savolni o‘rtaga tashladi.
“Men hayronman [buni] kim qilyapti” — dedi vazir. Mirzamahmudov elektr ta’minotidagi uzilishlar ortida Energetika vazirligi turmasligini ta’kidlab, bunday hollarda bevosita unga murojaat qilish kerakligini ilova qildi.
Sentabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlar quyosh panellarini o‘rnatishga majburlanayotgani va elektr energiyasi uzilishi bo‘yicha ogohlantirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Energetika vazirligi “quyosh panellarini o‘rnatishga majburlash qonunga zid” ekanini, “hech kim quyosh paneli o‘rnatishga majburlayotgani yo‘q"ligini aytib, bunday harakatlarni ma’qullamadi.
Avvalroq kelasi yildan gaz yetib bormagan uylar uchun elektr iste’moliga pasaytiriluvchi narxlar qo‘llanilishi haqida xabar berilgandi.