Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Tojikiston uchun $15 mln miqdorida grant mablag‘larini ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.

Bu mablag‘ Tojikiston shimolidagi “Sug‘d” podstansiyasi va O‘zbekistondagi “Yangi Sirdaryo” podstansiyasi o‘rtasida 22 km uzunlikdagi yangi elektr uzatish tarmoqlari qurilishiga yo‘naltiriladi.

Loyihaning umumiy qiymati $15,04 mlnni tashkil etadi, shundan $15 mlni OTB tomonidan moliyalashtiriladi.

Tashkilotga ko‘ra, yangi liniya Markaziy Osiyoda elektr energiyasi eksporti va importi hajmini oshiradi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining mintaqaviy energetika tizimiga integratsiyalashuvini yaxshilaydi.

OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov ushbu tashabbus mintaqaviy energiya savdosini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (CAREC) dasturining bir qismi ekanini ta’kidladi.

Uzoq muddatli istiqbolda loyiha Rog‘un GESida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini uzatishning muhim tarkibiy qismiga aylanadi.

Rog‘un GESi — Tojikistonda Vaxsh daryosida qurilayotgan GES bo‘lib, uning yuqori bosqichi bo‘lgan Vaxsh kaskadi tarkibiga kiradi. Umumiy qiymati $2,2 mlrdga baholangan gidroelektr stansiyasini 2029-yilga yakunlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, GES orqali Tojikistondan Qozog‘istonga elektr energiyasini O‘zbekiston orqali yetkazib berish rejalashtirilgan. Qaror O‘zbekiston elektr tarmoqlarining texnik imkoniyatlariga bog‘liq bo‘ladi.


Avvalroq “Spot” Energetika vazirligi quyosh panellari bo‘yicha murojaatlarni qabul qiluvchi telefon raqamlari sonini oshirgani haqida yozgandi.

7-oktabr kunining ikkinchi qismidan boshlab, 8-oktabr soat 20:30gacha vazirlik qabulxonasiga 1200dan ortiq qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Lekin ularga faqat bir kishi javob bergani uchun, barchasini qabul qilishning imkoni bo‘lmagan.