“Apple” asta-sekin har yili mahsulotni yangilash strategiyasini o‘zgartirmoqda va yanada moslashuvchan yondashuvga o‘tmoqda, deya xabar berdi “Bloomberg” nashri.

Nashrning qayd etishicha, bu tez-tez relizlar va kechikishlarning kamayishiga olib kelishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, kompaniya har yili “bir xil ritmni saqlab qolish” tobora qiyinlashib borayotganidan xabardor.

Ilgari “Apple” belgilangan jadvalga amal qilgan: dasturiy ta’minot yangilanishi yozda “WWDC"da e’lon qilingan, iPhone, iPad va Mac kabi yangi qurilmalar esa sentabr va oktabr oylarida taqdim qilingan.

Ammo mahsulotlar assortimenti kengayganligi sababli, har yili barcha qurilmalarni yangilash imkonsiz bo‘lib qoldi. Ba’zilar, masalan, “Apple Watch Ultra” yoki “iPhone SE”, yillik yangilanishni talab qilmaydi.

Apple endi mahsulotlarni qat’iy jadval bo‘yicha emas, balki “haqiqatan ham tayyor” bo‘lganda chiqarishni afzal ko‘radi. Kompaniya, shuningdek, bir vaqtning o‘zida ko‘plab yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish texnik muammolarga olib kelishini tushunmoqda.

So‘nggi yillarda “Apple” “WWDC"da e’lon qilinganidan keyin ba’zi dasturiy ta’minot xususiyatlarini ishga tushirishni bir necha oyga kechiktirdi. Bu shuni ko‘rsatadiki, muhandislarning ish yuki yuqori va belgilangan muddatlarga rioya qilish har doim ham mumkin emas.

Yangi mahsulot

“Apple” 2026-yilgacha “Samsung Galaxy Ring” bilan raqobatlashadigan aqlli uzukni chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “CCS Insight” tadqiqot kompaniyasi xabar berib, yangi qurilmani ishga tushirish “Apple” kompaniyasining sog‘liqni saqlash sohasidagi strategik yo‘nalishining bir qismi bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

“CCS Insight” bosh tahlilchisi Ben Vud “Apple” bosh direktori Tim Kuk o‘z mahsulotlarida doimo salomatlikni ta’kidlab kelganini va aqlli uzuk mantiqan bu strategiyaga mos kelishini ta’kidladi.

“Samsung” kompaniyasi “Galaxy Ring"ni joriy yilda taqdim etdi. Narxi $399lik qurilma yurak urishi kabi salomatlik ko‘rsatkichlarini kuzatib boradi va foydalanuvchilarning kompaniya qurilmalari ekotizimiga bog‘lanishini kuchaytiradi.

Ayni paytda “Apple” ushbu qurilma bo‘yicha hech qanday rasmiy xabar e’lon qilgani yo‘q.