Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari uchun “BetterFuture AI” akseleratsiya dasturining yangi to‘lqiniga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.

Akseleratsiya dasturi “DOMiNO Ventures” venchur fondi tomonidan mintaqaviy innovatsion ekotizimni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Unda sun’iy intellekt sohasida loyihalarni amalga oshiruvchi startaplar ishtirok etishga taklif etiladi.

2024-yil 22-oktyabrda dasturning yangi bosqichi start oladi, unda O‘zbekistonlik sun’iy intellekt sohasidagi startaplar ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ishtirokchilar global ekspertlar tarmog‘iga ulanish, shaxsiy mentorlik xizmatlaridan foydalanish, investitsiya imkoniyatlari hamda “Microsoft” va “GitHub” kabi texnologiya gigantlarining xizmatlaridan maxsus shartlarda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Dasturning hamkorlari “IT Park” bilan bir qatorda “Astana Hub”, “AXEL”, “Creative Business Network” va Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetidir.

Dasturda “DOMiNO” veb-saytida ariza topshirish mumkin.


Avvalroq “Spot” “IT Park” huzurida $10 mlnlik venchur jamg‘arma tashkil etilishi haqida yozgandi.

Shu bilan birga, texnoparkda sun’iy intellekt markazi ochiladi. Bu yo‘nalishdagi loyihalarni moliyalashtirishga $50 mln ajratiladi.