Avvalroq Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov quyosh panellarini o‘rnatishga majburlash holatlari yuzasidan o‘z qabulxonasiga murojaat qilish mumkinligini aytgandi.
8-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda vazir qabulxonasidagi +99871−231−14−41 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, bog‘lana olmagan fuqarolar e’tirozi tarqaldi. Xususan, iqtisodchi Otabek Bakirov ham bu telefon raqamiga qo‘g‘iroq qilib, bog‘lana olmaganini yozdi. “Ming afsuski, shaxsan o‘zim kechadan beri telefon qilaman. Lekin hech kim ko‘targani yo‘q”, dedi u.
Bu bo‘yicha vazirlik matbuot xizmati rasmiy bayonot berib, quyosh panellari bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish uchun mo‘ljallangan telefon raqamlari soni oshirilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 7-oktabr kunining ikkinchi qismidan boshlab, 8-oktabr soat 20:30gacha vazirlik qabulxonasiga jami 1232ta qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Shundan 131tasiga qabulxona xodimlari hamda matbuot xizmati tomonidan qabul qilinib, javob berilgan.
Bitta qo‘ng‘iroqqa o‘rtacha 3 daqiqadan 6 daqiqagacha vaqt sarflangan. Bu vaqt oralig‘ida yana 4−8ta qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Ularga faqat bir kishi javob bergani sabab, barcha qo‘ng‘iroqlarni qabul qilishning imkoni bo‘lmagan.
Qabul qilingan qo‘ng‘iroqlarning 54tasi quyosh panellarini o‘rnatishga qanday imtiyozlar berilishi, 28tasi esa mahallasidagi elektr tayanch ustunini yangilash borasida bo‘lgan.
Bundan tashqari, 31ta murojaat quyosh paneli o‘rnatishga majburlanayotganini aytgan fuqarolardan tushgan bo‘lib, ularning 14tasi bu hodisa bir necha kun avval bo‘lganini bildirgan.
Mazkur qo‘ng‘iroq egalarining 6 nafari vazirlikning “Quyosh paneliga majburlash yo‘q"ligi haqidagi materialini asos qilib keltirgan holda, bugungi kunda elektr energiyasini yoqtirib olishganini ma’lum qilgan.
Yana 8 nafar murojaatchi quyosh paneli o‘rnatgani va elektr energiyasi mavjudligini, shunga qaramay, bunga majburlanganidan norozi ekanini aytgan. “Shu bilan birga, o‘rnatilgan quyosh paneli foydali ekanini his qilganliklarini ham bildirib o‘tishgan”, deyiladi xabarda.
Qolgan 18ta qo‘ng‘iroqning 6tasi qabulxona raqami “haqiqatan ishlash-ishlamasligini” bilish, 4tasi vazirlikka ishga joylashish imkoniyati, yana 8tasi egasi vazirga rahmat aytish borasida bo‘lgan.
Faqat 17ta qo‘ng‘iroq egasi real muammoga ega ekanligini ma’lum qilgan. Ularning murojaatlari o‘rganilib, quyosh paneli o‘rnatmagani uchun elektr energiyasidan uzib qo‘yilgan tadbirkorlarning elektr energiyasi ulatib berilgan.
Ikki kun davomida Toshkentning Sergeli, Yashnobod, Yunusobod hamda Bektemir tumanlari, Sirdaryo viloyatining Boyovut, Surxondaryo viloyatining Bandixon, Farg‘ona viloyatining Buvayda hamda Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanlaridagi bir qator tadbirkorlar elektrga qayta ulangan.
Ularga huquqi tushuntirilib, faoliyatlarida to‘sqinliklar bo‘ladigan bo‘lsa, vazirlikning Axborot xizmati hamda Ijro nazorati va murojaatlar bo‘limiga murojaat qilishlari so‘raldi.
Shuningdek, 7-oktabr kuni kechasi soat 23:00dan 8-oktabr soat ertalabki 08:00gacha aholidan qabulxonadagi telefon raqamiga 173ta qo‘ng‘iroq bo‘lib, ularga javob berilmagan. Vazirlik bitta raqam buncha murojaatni qabul qilishda qiyinchilikka uchrashi mumkinligini aytib, qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish imkonsizligini to‘g‘ri tushunishlarini so‘ragan.
Vazirlik 9-oktabrdan murojaatlarni +99871−231−16−61 (ichki 7046, 7037 va 7057) raqamlari orqali ham qabul qilishni boshladi. “Barcha ma’lumotlarni maksimal darajada qabul qilib, ijobiy yechimini ta’minlashga harakat qilamiz”, deyilgan xabarda.
Avvalroq chiqindi xizmatlaridan qarzdorligi bor fuqarolar elektr to‘lovlari cheklanishidan ogohlantirila boshlangani haqida xabar berilgandi. Hududiy elektr tarmoqlari hozirda faqat bildirishnoma jo‘natish bilan cheklanib, elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishda davom etmoqda.