“Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi"da 180 kVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Bu haqda stansiya matbuot xizmati xabar berdi.

Stansiya foydalanishga topshirilishi natijasida yiliga 420 ming kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Buning evaziga yiliga 45 ming kubmetr tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.

Shu tariqa “Taxiatosh IES"da qurilgan quyosh fotoelektr stansiyasining umumiy quvvati 1,7 MVtga yetdi.

Korxonada muqobil energiya manbalarini joriy etish hisobiga o‘z ehtiyojlari uchun sarflanadigan elektr energiyasi 5−6%gacha tejalmoqda.

Shuningdek, korxonada jami sig‘imi 2800 litr bo‘lgan 14ta quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatilgan bo‘lib, yuvinish xonalari to‘liq quyosh suv isitkichlariga o‘tkazilgan.

Mazkur qurilmalardan foydalanish hisobiga yiliga 15,8 ming kubmetr tabiiy gaz va 128,1 Gkall issiqlik energiyasi tejalmoqda.

2022-yilda “Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi"da o‘z ehtiyojlari uchun foydalanish maqsadida quvvati 1040 kVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.

2023-yil iyul oyida Energetika vazirligi mazkur issiqlik elektr markazida quvvati 1 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgani haqida ma’lum qilindi.

“O‘zbekenergota'mir” tomonidan bunyod etilgan stansiyaning umumiy maydoni 1 gektarni tashkil etgan bo‘lib, bu yerda monokristall turidagi 1500 dan ortiq quyosh panellari o‘rnatilgan.

Mazkur stansiyada yiliga qo‘shimcha 1,8 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Buning evaziga yiliga 400 ming kubmetr tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.


Avvalroq “Spot” prezident “Voltalia” kompaniyasi bilan Xorazmda quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start bergani haqida yozgandi.

Stansiyani yil yakunigacha tarmoqqa ulash rejalashtirilgan. Uning natijasida yiliga 254 mln kilovatt soat yashil energiya ishlab chiqariladi.