2023-yilda Toshkent metropolitenining daromadi 477 mlrd so‘mga yetgan. Bu haqda 9-oktabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida metropoliten bosh muhandisi Mirhokim Mirhusanov ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.
Natijada, ko‘rsatkich 2016-yilga (63 mlrd so‘m) nisbatan 7,5 baravarga oshgan. Bunga yo‘lovchilar oqimining ko‘payishi hamda xizmat sifatining oshirilishi sabab bo‘lgan.
Bundan tashqari, 2023-yilda 172 mln kishiga xizmat ko‘rsatilgan bo‘lib, joriy yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 209 mln nafarni tashkil etishi kutilmoqda.
Bugungi kunda tig‘iz vaqtlarda poyezdlarning oraliq harakati tarkibi Chilonzor yo‘nalishida 1,5 daqiqa (2021-yilda — 5 daqiqa), O‘zbekiston yo‘nalishi — 3 daqiqa (6), Yunusobod yo‘nalishi — 4 daqiqa (11) hamda yer usti halqa yo‘nalishi 9 daqiqadan (12) iborat.
7-oktabr holatiga ko‘ra, Toshkent metropolitenida kunlik yo‘lovchi tashish hajmi 990 606 nafarni tashkil etadi. Shundan 48,2%i — 478 352 nafari Chilonzor yo‘nalishida harakatlanuvchi yo‘lovchilar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston yo‘nalishida yo‘lovchilar harakati — 277 123 nafar, Yunusobod — 142 740 nafar hamda Yer usti halqa yo‘li — 92 391 nafar.
O‘z navbatida, bekatlar kesimida “Paxtakor” bekati eng yuqori yo‘lovchi oqimiga ega — kunlik yo‘lovchilar soni 77 272 nafar. Undan keyingi o‘rinlarda “Amir Temur Xiyoboni” (60 048 nafar) hamda “Chilonzor” (58 754 nafar) turibdi. Shuningdek, “Buyuk ipak yo‘li” bekatida yo‘lovchi oqimi 54 195 nafar, “Olmazor” bekatida esa 30 678 nafarni tashkil etmoqda.
Mirhokim Mirhusanov yo‘nalishlardagi harakat tarkiblari bilan bog‘liq nosozliklar xizmat muddatini o‘tagan 21ta eski harakat tarkiblari bilan sodir bo‘layotganini qayd etdi.
Bundan tashqari, yo‘lovchilarning asosan 1- va 4- vagonga chiqishlari hamda eshik oldida tartibsiz turishlari vagondan tushuvchi va unga chiquvchilarga xalaqit berish holatlari ko‘p uchrayotgani aytildi. Bu ayrim harakat tarkiblarining belgilangan vaqt intervalidan ortda qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Mirhusanov belgilangan tartibga amal qilish intervalni qisqa vaqt — 1,5 daqiqa ushlab turish imkonini berishini, tartibsizliklar esa uning 2−3 daqiqagacha cho‘zilishiga sabab bo‘layotganini ta’kidladi. U bekatlardagi tirbandliklarni bartaraf etish maqsadida bir nechta takliflarni bildirdi.
Birinchi navbatda, yo‘lovchilar nisbattan kam yo‘lovchi tashiladigan o‘ziga yaqin bekatlar orqali harakatlanishga chaqirilmoqda. OTMlardagi kabi Toshkentdagi metro bekatlariga yaqin joylashgan yirik ishlab chiqarish korxonalarida ham ish vaqti boshlanishini differensial tartibda tashkil etish ilgari surildi.
“Ish va o‘qish vaqtlarini o‘zgartirish tig‘izlik va tirbandliklarni kamaytiradi”, — deya qo‘shincha qildi Mirhokim Mirhusanov. Joriy o‘quv yilida poytaxtdagi metro bekatlariga yaqin 27ta OTMlarda o‘qishning boshlanish vaqtlari o‘zgartirilgandi.
Toshkent metropoliteni Rejim xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Abdutohir Abduqodirov hukumat, Transport vazirligi hamda boshqa tashkilotlar bilan yirik korxonalarda ish boshlanishi vaqtini qaytadan ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilayotganini qo‘shimcha qildi.
“OTMlarda o‘qishning boshlanish vaqtini o‘zgartirganimiz ancha o‘zgarishlarni berdi. Toshkent shahrida 1 ming, 10 ming nafar ishchi ishlaydigan korxonalar bor, ularning ayrimlarida ish vaqti 08:00da boshlanadi. Ularning ham ish vaqtini ko‘rib chiqishni reja qilganmiz. Masalan, 8:00da emas, 9:00da qilish”, — dedi u.
2026-yilgacha Toshkent metropoliteniga 104ta metro vagonlari olib kelinishi rejalashtirilmoqda. Natijada yo‘nalishlarda poyezdlar oraliq intervali 2−3 daqiqagacha qisqarishi kutilmoqda.