Birlashgan Arab Amirliklarining “Jumeirah Group” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston elchixonasi vakillari kompaniya vitse-prezidenti Filipp Kruz bilan uchrashuv o‘tkazdi, unda muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
“Jumeirah Group” kompaniyasiga O‘zbekistondagi yirik mehmonxonalarni xususiylashtirish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirishi mehmonxonalar sonining ko‘payishi va sayyohlarni yanada ko‘proq jalb etishiga xizmat qiladi.
O‘z navbatida Filipp Krous kompaniyaning joriy faoliyati va rejalari haqida aytib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida “Jumeirah Group” brendining O‘zbekiston bozoriga kirish masalasini batafsil muhokama qilish maqsadida kompaniya ta’sischilari bilan alohida uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.
Kompaniya haqida
“Jumeirah Group” — BAAdagi davlatga qarashli hashamatli mehmonxonalar tarmog‘i.
Kompaniya 1997-yilda tashkil etilgan va 2004-yilda Shayx Muhammad bin Rashid Al Maktumga tegishli bo‘lgan “Dubai Holding” tarkibiga kirdi.
Guruh shtab-kvartirasi BAAda joylashgan va Yaqin Sharq, Yevropa va Osiyodagi plyaj kurortlari, shahar mehmonxonalari va hashamatli xizmat ko‘rsatuvchi rezidensiyalarni o‘z ichiga olgan 26ta mulkni boshqaradi.
Avvalroq “Spot” modulli mehmonxona qurish va jihozlash uchun subsidiya ajratilishi haqida yozgandi.
Subsidiya kamida 10 ta moduldan iborat bo‘lgan modulli mehmonxona uchun uning toifasidan qat’i nazar 1 mln so‘mdan ajratiladi.