AQShning 14 shtati prokuraturasi o‘smirlarga “ruhiy zarar yetkazganlik” uchun “TikTok"ga qarshi da’vo qo‘zg‘atdi. Bu haqda “vc.ru” nashri Nyu-York bosh prokuraturasiga tayanib xabar berdi.
Prokurorlarning fikricha, xizmat voyaga yetmaganlar o‘rtasida nosog‘lom qaramlikni keltirib chiqaradi va ularning ruhiy salomatligiga zarar yetkazadi.
Asosiy da’vogarlar Nyu-York va Kaliforniya shtatlarining prokurorlari hisoblanadi. Shuningdek, Illinoys, Kentukki, Luiziana, Massachusets, Missisipi, Nyu-Jersi, Shimoliy Karolina, Oregon, Janubiy Karolina, Vermont, Vashington shtatlaridan da’volar kelib tushgan.
Prokurorlar tergoviga ko‘ra, “TikTok"ning asosiy biznes modeli ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikni “o‘stirish” hisoblanadi.
Kompaniya bolalarning platformada iloji boricha ko‘proq vaqt o‘tkazishini ta’minlashni maqsad qilib qo‘ygan va “shunday qilib, reklama sotishdan tushgan daromadni oshiradi”.
Buning uchun tavsiyalar tizimi, shuningdek, boshqa funksiyalar — 24 soatlik bildirishnomalar, avtomatik o‘ynaladigan videolar, vaqtinchalik “hikoyalar” va jonli efirlar, “yoqtirishlar”, sharhlar va go‘zallik filtrlari qo‘llaniladi.
Go‘zallik filtrlari voyaga etmagan qizlarda pastlik kompleksining rivojlanishiga olib keladi va platformadagi “chellenjlar” ko‘pincha foydalanuvchilarni hayot va sog‘liq uchun xavfli harakatlarni amalga oshirishga undaydi.
Prokurorlar kompaniyani jarimaga tortishni va xizmatdan “zararli amaliyotlarni” to‘xtatishni talab qilmoqda.
AQSh prezidenti Jo Bayden 24-aprel kuni “TikTok"ni blokirovka qilishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi.
Tegishli qonun loyihasi 13-mart kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasi tomonidan ma’qullangan. Kongressmenlarning fikricha, xitoylik kompaniya tomonidan amerikalik foydalanuvchi ma’lumotlarining to‘planishi milliy xavfsizlikka tahdid soladi.
“Ushbu qonun 2025-yil 19-yanvargacha “TikTok"ni cheklab, platformadan muloqot qilish uchun foydalanadigan 170 mln amerikalikning ovozini o‘chiradi”, deydi “ByteDance” vakillari.
“TikTok” kompaniya amerikalik foydalanuvchilarning ma’lumotlarini baham ko‘rganini yoki bo‘lishishni rad etadi va AQSh qonun chiqaruvchilarini “spekulyativ” xavotirlarni ko‘tarishda ayblaydi, deya ta’kidlaydi “Reuters”.
Avvalroq Qirg‘izistondagi internet-provayderlar “TikTok"ga kirishni cheklay boshlagani haqida xabar berilgandi.
Bunga mamlakatda bolalar salomatligi, ularning intellektual, aqliy, ma’naviy va axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazilishining oldini olish bo‘yicha qonunga rioya yetmagani asos bo‘lgan.
Keyinchalik Qozog‘iston ham “TikTok"ni blokirovka qilish imkoniyatlarini o‘rganayotgani ma’lum bo‘ldi.
Mamlakat madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva platforma orqali firibgarlik, yolg‘on ma’lumot tarqatish va bezorilik holatlari ko‘payganini qayd etdi.
Shuningdek, “TikTok” Yevropa Ittifoqida ham bloklanishi mumkinligi xabar berilgandi.
Ijtimoiy tarmoqning bloklanishi mumkinligi haqida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Leyen maʼlum qilgan.