O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lganidan keyin o‘tish davrini oladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.
Debate Hallda bo‘lib o‘tgan “Men tadbirkorman” ochiq sessiyasida rasmiy JSTga a’zo bo‘lish uchun qonunchilikka qanday o‘zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilganligini tushuntirib berdi.
Bu, birinchi navbatda, ichki bozor va import uchun QQS va aksiz soliqlarning bir xil stavkalarini nazarda tutadi.
Mahalliy tadbirkorlik subyektlari uchun pasaytirilgan stavkalar va boshqa soliq imtiyozlari bekor qilinadi, import uchun ham imtiyozlar berilmaydi. Bojxona to‘lovlari JSTga a’zo boshqa davlatlar bilan tuzilgan shartnomalar asosida o‘rnatiladi.
“Bu kichik biznes uchun yaxshi — raqobat uchun va umuman biznes yuritish uchun qulay. [O‘zgarishlar] faqat yirik korxonalarga [salbiy] ta’sir qilishi mumkin”, — dedi Mirzayev.
O‘tish davri ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash uchun beriladigan imtiyozlar bekor qilinishining salbiy ta’sirini kamaytirishga yordam beradi. Mirzayevning so‘zlariga ko‘ra, u boshqa davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlarga qarab ikki yildan uch yilgacha davom etadi.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi raqobatning kuchayishi bilan bog‘liq qiyinchiliklar bilan bir qatorda qator afzalliklarni ham keltirmoqda, deya qo‘shimcha qildi Soliq qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari.
Hozirgi vaqtda mamlakat eksport tovarlariga nisbatan yuqori bojlar qo‘llanilmoqda, bu esa ularni xorijga yetkazib berish imkoniyatlarini cheklaydi.
“[Qo‘shilish] buni osonlashtiradi. Boshqacha qilib aytganda, bizning mahsulotlarimiz uchun boshqa mamlakatlarda bozorlar paydo bo‘ladi va ularni muammosiz sotish imkoniyati paydo bo‘ladi”, — deya ta’kidladi Mirzayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘zgarishlar sanoatning ayrim tarmoqlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatsa, boshqalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shavkat Mirziyoyev avgust oyida biznes vakillari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda JSTga a’zo bo‘lishni “islohotlarning ajralmas qismi” deb atagandi. Prezidentga ko‘ra, proteksionizm O‘zbekistonning o‘sish imkoniyatlarini cheklaydi.