Shavkat Mirziyoyev 9-oktabr kuni Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bugungi kunda shahar hududi 43 822 gektarni, aholi soni esa 3 mlndan ortiqni tashkil etadi. Kelgusida bu ko‘rsatkich oshib borishi kutilmoqda. Shundan kelib chiqib, Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi loyihalashtirildi.
Davlat rahbari bu boradagi ilk ishlanmalar bilan 2022-yilda tanishgandi. Loyiha “ToshkentboshplanLITI” korxonasida tomonidan Singapur, Buyuk Britaniya, Turkiya, Germaniya, Xitoy va Niderlandiya kompaniyalari bilan hamkorlikda ish chiqilgan.
Loyihaga ko‘ra, Toshkent quyidagi 3ta zonaga ajratiladi:
- konservatsiya zonasida madaniy meros binolari, tarixiy joylar, uylar va yashil hududlar o‘zgarishsiz qoladi;
- rekonstruksiya zonasida master-rejalar asosida qo‘shimcha qurilishlar qilish mumkin bo‘ladi;
- renovatsiya zonasida eskirgan uy-joy, binolar o‘rnida yangi qurilishlar va ta’mirlash amalga oshiriladi.
Yangi bosh rejada ekologiya va transport muammolari hisobga olingan. Jumladan, Toshkent va uning atrofidagi yashil hududlar 3 karra ko‘paytirilib, 25 ming gektarga yetkazilishi belgilanmoqda. Bu orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil maydon 6 kv.metrga oshiriladi.
Bundan tashqari, jamoat transporti tarmog‘i kengaytiriladi. Buning uchun bog‘lamlar va bekatlar ko‘paytiriladi, yangi yo‘llar qurilib, metrobus yo‘nalishlari tashkil etiladi. Natijada, aholi o‘z yashash joyidan eng yaqin bog‘cha, maktab, shifoxona, savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalariga ko‘pi bilan 15 daqiqada yetib borishi ta’minlanadi.
Bosh reja loyihasida elektr energiyasi, suv va oqova infratuzilmasi quvvatlarini oshirish manbalari ham hisob-kitob qilingan. Loyiha tasdiqlangach, uning xaritalari Shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimida hamda poytaxt hokimligi saytida ochiq joylashtiriladi.
Davlat rahbari Toshkent shahrini kamida 7,5 mln odam yashashi va ishlashi uchun qulay sharoitga ega yirik megapolisga aylantirish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Yuqorichirchiq, O‘rtachirchiq va Toshkent tumanlarini poytaxt bilan yaxlit aglomeratsiya asosida rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Avvalroq Toshkentning olti tumanida renovatsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘lgandi.