O‘zbekiston kompaniyasi Afg‘onistonning energetika sohasiga investori kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Afg‘onistonning “TOLOnews” nashri xabar berdi.
10-oktabr kuni Afg‘oniston kon va neft vazirligi va O‘zbekiston kompaniyasi (nomi keltirilmagan) shimoliy Jauzjon viloyatidagi To‘ti-Maydon uchastkasida gaz qidirish va qazib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Unda “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi Bahodirjon Sidiqov ishtirok etdi.
Shartnoma 10 yil muddatga tuzilgan. Kompaniya birinchi yilda $100 mln, o‘n yil ichida esa taxminan $1 mlrd miqdorida investitsiya kiritadi.
Dastlabki ikki yilda o‘zbekistonlik investor qazib olingan gazdan 100 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish niyatida.
O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev ham iqtisodiy sharoitlarni yaxshilash va aholi bandligini oshirish uchun Afg‘onistonga sarmoya kiritish muhimligini ta’kidladi.
“Biz millionlab afg‘onlar uchun ish o‘rinlari yaratish maqsadida Afg‘onistonning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish tarafdorimiz. Maqsadimiz Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishi va xalqi hayotini yaxshilashdir”, — dedi u.
Afg‘oniston kon va neft vaziri Hidoyatulloh Badrining ta’kidlashicha, To‘ti-Maydon gaz zaxiralari qariyb 7 ming kv.metr maydonni egallaydi. Loyiha mamlakatning gazga bo‘lgan ehtiyojini sezilarli darajada qoplaydi, shuningdek, daromadlarni oshiradi va ish o‘rinlarini yaratadi.
Avvalroq Termizda xalqaro savdo markazi ochilgandi. Majmua o‘z ichiga 1800ta chakana savdo shoxobchasini qamrab oladi. Afg‘oniston fuqarolari savdo-sotiq, ta’lim hamda tibbiyot kabi xizmatlardan foydalanishlari mumkin.