Toshkent xalqaro aeroportining jo‘nab ketish terminali va vokzal maydonidagi bir nechta maydonlar auksionga chiqarildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, “Art Bazaar” savdo pavilyonidagi jo‘nash terminalining “steril hududi"da tashkil etish uchun 60 kv.metr maydon ijara asosida taklif etilmoqda. Boshlang‘ich bahosi — yiliga 1,08 mlrd so‘m.
Shuningdek, quyidagi nuqtalar ham savdoga chiqarilgan:
- savdo avtomatlari (yiliga 180 mln so‘mdan;
- mobil qurilmalarni quvvatlash punktlari (60 mln so‘mdan);
- bankomatlar (36 mln so‘mdan);
- xizmatlar uchun to‘lov qilish nuqtasi (12 mln so‘mdan).
Xalqaro uchib kelish zalida avtomashinalarni ijaraga berish xizmatlarini ko‘rsatish uchun 8 kv.metr maydon savdosiga qo‘yildi (ijara narxi192 mln so‘mdan). Ariza beruvchi xalqaro bozorda kamida 10 yillik tajribaga, shuningdek, uch yildan ortiq bo‘lmagan avtotransport parkiga ega bo‘lishi kerak.
Shuningdek, tashrif buyuruvchilar zalida mahalliy uyali aloqa operatorlarining SIM-kartalarini sotish nuqtasini tashkil etishga 5 kv.m joy taklif etilmoqda. Lotning dastlabki qiymati — yiliga 90 mln so‘m. Shartlar orasida SIM-kartalarni jamoat joylarida sotish bo‘yicha kamida 2 yillik tajribaga ega bo‘lish talabi mavjud.
Aeroportning xizmat ko‘rsatish zonasida aviakompaniya ofisini ochish uchun 93 kv.m bo‘sh joy ijaraga beriladi. Uning boshlang‘ich bahosi — yiliga 703,08 mln so‘m. 40 va 58 kv.m bo‘lgan mobil ofislar uchun ikkita joy mavjud. Boshlang‘ich narxlar mos ravishda 192 mln so‘m va 278,4 mln so‘mni tashkil etadi.
Mazkur lotlar bo‘yicha auksionlar joriy yilning 25-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unda ishtirok etuvchi kompaniyalar texnik shartlarga mos kelishi kerak. Ijarachilarga qo‘yiladigan talablar va boshlang‘ich narxlar har bir lot ostida berilgan.
Avvalroq Toshkent aeroportida joriy yil oxirigacha bortga chiqishda elektron talonlar joriy etilishi haqida xabar berilgandi.