Namanganda energiya resurslariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Norin tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda fuqaro B.U. tuman ETK montyori Sh.A. bilan o‘zaro til biriktirib, xonadonida o‘rnatilgan uch fazali elektr hisoblagichni hisob dasturiga kiritmagani aniqlandi.

Buning natijasida jami 319,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Shu kabi, Departamentning Andijon shahar bo‘limi va ETK xodimlari hamkorligida ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda aniqlanishicha, fuqaro J.A. “Yuksalish” MFY hududidagi fuqaro O.A.ga tegishli sport klubi binosida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘idan o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan.

Buning natijasida, jami 226,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” ikkita hududda qariyb 224 mln so‘mlik elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilingani aniqlangani haqida yozgandi.

Xususan, Namanganda fuqaro elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan, Jizzaxda esa novvoyxona tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.