O‘zbekiston gaz transport tizimini (GTT) modernizatsiya qilishni rejalashtirmoqda hamda bu borada Qozog‘iston va “Gazprom” bilan hamkorlikni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda 10-oktabr kuni “SPXGF-2024” doirasidagi sessiyada bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.
“Biz gaz transport tizimini modernizatsiya qilish ustida ishlayapmiz. Shuningdek, Qozog‘istondagi hamkasblarimiz va „Gazprom“ bilan ham bu sohada hamkorlik qilishdan juda manfaatdormiz”, — dedi vazir.
Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, gaz transport tizimini yangilash O‘zbekistonga gazni yanada ishonchli va barqaror yetkazib berishni ta’minlaydi. Shuningdek, u gazga bo‘lgan talab ortib borayotgani aholi sonining ko‘payishi va mamlakat iqtisodiyotining o‘sishi bilan bog‘liqligini ta’kidladi.
Vazir O‘zbekiston iqtisodiyoti “energiya talabchan” ekanini qayd etdi. Shundan kelib chiqib, mamlakatda energiya iste’moli sohasida resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan tarif siyosatini isloh qilish amalga oshirilmoqda. 2025-yilda energiya tariflari “islohotining asosiy bosqichi"ni yakunlash rejalashtirilgan.
Ilgari O‘zbekiston neft va gaz sanoati yiliga 70 mlrd kub metr gaz va 8 mln tonna suyuq uglevodorod qazib olishni ta’minlagan. Biroq, so‘nggi 15 yil ichida “zaxiralarning tugashi va texnologik yo‘qotishlar” tufayli uglevodorod ishlab chiqarish sezilarli darajada kamaydi. 2023 -yilda tabiiy gaz qazib olish 9,6%ga, 46,71 mlrd kub metrgacha, neft qazib olish esa 2,3%ga, 770,1 ming tonnaga qisqardi.
Gaz transport tizimini modernizatsiya qilish
2021-yilning oktabrida “Gazprombank” O‘zbekiston gaz transporti tizimini modernizatsiya qilish uchun $300 mln miqdorida kredit ajratdi. Mablag‘lar 545 km magistral gaz quvurlarini qurish va ta’mirlashga yo‘naltirilishi belgilangandi.
2023-yilning mart oyida “Hududgazta'minot” Italiyaning ikki kompaniyasi bilan gaz uzatish tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha shartnomalar tuzdi. Loyiha uchun 200 million yevro ajratilishi hamda mamlakat kompaniyalari yangi gaz uskunalari va dasturiy ta’minotni yetkazib berishi qayd etilgan.
Shuningdek, 2030-yilgacha O‘zbekiston gaz transporti tizimini modernizatsiya qilishga $470 mln yo‘naltirishni rejalashtirgan. “O‘ztransgaz” birinchi navbatda mamlakat magistral gaz quvurlari tizimini modernizatsiya qilish uchun xorijiy kreditlarni jalb qiladi, bu esa Rossiyadan tabiiy gaz importi hajmini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Avvalroq 2025-yildan boshlab gazlashtirilmagan uylar uchun elektr energiyasi tariflari pasaytirilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.