O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida “MicroMentor” platformasi ishga tushdi. Bu haqda loyiha hamkori bo‘lgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki “Spot"ga ma’lum qildi.
Tadbirkorlar platformada strategiya, moliya, marketing, kadrlar boshqaruvi va boshqa masalalar bo‘yicha mentorlarni topishlari mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, “MicroMentor” tajriba almashish va biznesni rivojlantirish uchun boshqa mamlakatlar ishbilarmonlari bilan muloqot qilish imkonini beradi.
Mentor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar bilim almashishlari, biznes hamjamiyatida shaxsiy brend va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishlari mumkin. Menti (shogird)lar bir vaqtning o‘zida turli soha va davlatlardan kelgan bir nechta mentorlar bilan muloqot qilishlari mumkin bo‘ladi.
“O‘zbekistonlik tadbirkor ayollarni “MicroMentor"da mentor bo‘lishga chaqirib qolamiz. Sizning tajribangiz va bilimingiz hamjamiyat uchun qimmatli boylikdir va ishonamizki, sizning yordamingiz Markaziy Osiyoda ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga muhim hissa qo‘shadi. Siz uchun esa “MicroMentor” — bu Markaziy Osiyo tadbirkorlari bilan bog‘lanish, foydali aloqalar tarmog‘ini yaratish imkoniyatidir,” — dedi “MicroMentor” YTTB operatori Aruna Amzeyeva.
“MicroMentor” hozirda 178 mamlakatda faoliyat yuritadi va 400 mingdan ortiq foydalanuvchiga ega. Xususan, O‘zbekiston va Qozog‘istondan 1 mingga yaqin mentor va mentilar platformada ro‘yxatdan o‘tgan.
Dasturda ishtirok etishni xohlovchilar bu yerda (mentilar uchun) yoki bu yerda (mentorlar uchun) ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Platformadan foydalanish — bepul.
Avvalroq “O‘zkimyosanoat” va YTTB o‘rtasida Chirchiqda yashil vodorod ishlab chiqarish loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha kelishuv imzolangani haqida xabar berilgandi.