Namanganda fuqarolardan asossiz mablag‘ olgan chiqindi tashish korxonasiga ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasining matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mitaning Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Namangan Musaffo Iqlim” korxonasining joriy yilning birinchi yarmida maishiy chiqindi tashish xizmatlari bo‘yicha qonun talablariga rioya etganligi o‘rganildi.
Bunda korxonaning Namangan shahar, Davlatobod, Yangi Namangan, To‘raqo‘rg‘on, Namangan va Mingbuloq tumanlari MFYlaridagi iste’molchi abonentlar-xonadonlariga xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha olingan dalolatnomalar tahlil qilindi.
Natijada, viloyatning 6ta hududida joylashgan 275ta MFYda 1,3 mlnga yaqin aholi istiqomat qilishiga qaramay, tashkilot tomonidan hududda 176ta MFYdagi 633 598 nafar aholi (50,8%) qamrab olinmaganligi aniqlandi. Shu bilan birga, 762 512 nafar iste’molchiga ko‘rsatilmagan xizmat uchun 11 mlrd so‘m miqdorida haq hisoblangan.
Hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Namangan Musaffo Iqlim"ga nisbatan “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 19 va 21-moddalari talablari buzilganligi yuzasidan ish qo‘zg‘atildi. Mablag‘larni qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Sentabr oyida Surxondaryoda “Toza hudud” korxonasi aholidan 3,2 mlrd so‘m ortiqcha mablag‘ undirgani ma’lum bo‘lgandi. Raqobat qo‘mitasi tomonidan korxonaga qarshi ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llanildi.