Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li olti yil muddatda quriladi. Bu haqda Strategik islohotlar agentligi tomonidan tashkil etilgan “Mamlakatlar platformasi"ning uchinchi davra suhbatidagi taqdimotda Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev ma’lum qildi, deya xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.
Unga ko‘ra, 314 km uzunlikdagi yo‘lning 64%i yangidan qurilishi, 36%i esa rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda. I-a kategoriyasidagi yo‘l 6 qatordan iborat bo‘lib, uning qurilish muddati 6 yil 3 oyni tashkil etadi.
Jarayon uch bosqichda amalga oshirilib, birinchi bosqichda Toshkent-Angren (78 km), ikkinchi bosqichda Angren-Pop (93 km), uchinchi bosqichda esa Pop-Andijon (143 km) qismlari quriladi.
Bunda, yo‘l sement-beton qoplamali bo‘ladi. Unda jami 102ta sun’iy tuzilma quriladi, yo‘l o‘tkazgichlarning jami uzunligi 1 122 metrga yetadi. Shu bilan birga, unda 10ta tunnel bo‘lishi va ularning umumiy uzunligi 33 kmga yetishi kutilmoqda. Eng uzun tunnel — 6 787 metr.
Mazkur yo‘l qurilishi Toshkentdan Andijonga borish vaqtini 5 soatdan 2 soat 14 daqiqaga kamaytirish imkonini beradi. Bu 2023-yildagi taqdimotda aytilgan vaqtdan 1 soatga kam. Qiymati $4,28 mlrdni (2023 nominal narxida) tashkil etuvchi yo‘lning DXSh kelishuvi 49 yil muddatga amal qiladi.
Loyihalarni investitsiya oldidan o‘rganish va tender jarayonlarida bitimlar bo‘yicha maslahat berish yuzasidan “Ove Arup and Partners International Limited”, “PricewaterhouseCoopers Central Asia and Caucasus BV” va “CMS Cameron Mc Kenna Nabarro Olswang LLP” qo‘shma korxonasi bilan umumiy qiymati $6,78 mlnlik shartnoma imzolangan.
Transport vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yo‘l qurilishi bo‘yicha boshqa ma’lumotlar texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgach ma’lum bo‘ladi. Joriy yilning may oyida Jasurbek Choriyev jarayon iyun oyi oxirigacha tugashini aytgandi. Tender o‘tkazilib, TIA ishlab chiqilgach, ba’zi detallar o‘zgarishi mumkin.
Avgust oyi oxirida qabul qilingan prezident qarori bilan DXSh loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlar belgilandi. Xususan, Toshkent-Samarqand yo‘li qurilishini 2024-yilda, Toshkent-Andijon yo‘li 2026-yilda boshlash nazarda tutilgan.
Joriy yilning oktabrigacha Toshkent va Andijon o‘rtasidagi pulli avtomobil yo‘lining loyiha konsepsiyasini ishlab chiqish va tadiqlash, kelasi yilning martigacha esa tenderning birinchi bosqichi o‘tkazilishi kerak. Tanlovning ikkinchi bosqichi 2025-yilning oktabrida o‘tkaziladi, g‘oliblar 2026-yilning aprelida e’lon qilinib, DXSh bitimi tuziladi. Qarorda yo‘l uzunligi 303 km.ni tashkil etishi keltirilgan.
Avvalroq Bektemirdan Chorvoqqa boruvchi yo‘lning bir qismini pullik qilish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Biroq, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunovning fikricha, bunda muqobillik ta’minlanishi shart.