Shavkat Mirziyoyev 10-oktabr kuni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ishlar va rejalar bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda 12 mingta standart tasdiqlangan. Yil boshidan buyon yana 1040ta xalqaro standart qabul qilindi. Mahsulot xavfsizligi va sifatini ta’minlash maqsadida 29ta texnik reglament ishlab chiqildi. Bular sanoat korxonalari va tadbirkorlarga yetkazilib, sertifikatlar olishiga ko‘maklashilayapti.
Davlat rahbari tashqi bozorlarga chiqish uchun samarali texnik tartibga solish tizimi shartligini ta’kidlab, qo‘shimcha vazifalarni belgilab berdi.
Bugungi kunda mamlakatdagi 269ta laboratoriyadan faqat 64tasida o‘tkazilgan sinovlar xalqaro darajada tan olinadi. Bu esa tadbirkorlar mahsulotlarini eksportga olib chiqishda qo‘shimcha sinovlar o‘tkazishga majbur bo‘lishiga olib kelmoqda.
Shu bois xalqaro tan olinadigan laboratoriyalarni ko‘paytirish, elektr texnikasi, qurilish materiallari, mashinasozlik kabi sohalarda 10ta yangi laboratoriya tashkil qilish zarurligi aytildi.
Bu yil 340ta milliy standart, 2025-yil yakunigacha esa yana 38ta reglament ishlab chiqiladi. Shu bilan birga, 28ta texnik qo‘mita, laboratoriyalar faoliyatini raqamlashtirish muhimligi aytildi. Buning uchun “Texnik tartibga solish” elektron platformasi ishga tushiriladi.
Sohada sifat va samarani ta’minlash uchun yangi bilim va ko‘nikmalarga ega, xalqaro standartlar asosida ishlaydigan mutaxassislar kerakligi bois sohada kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida taqdimotda uchta yo‘nalish — standartlashtirish, metrologiya hamda sinov laboratoriyasining infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishida hisobot berilganini qayd etdi.
Hozirda agentlikda 29ta etalon mavjud bo‘lib, joriy yilda 13tasini xarid qilish rejalashtirilgan. Prezident ular sonini 77taga yetkazishni topshirdi. Bu orqali sanoat tarmoqlariga metrologiya xizmatlarini qamrab olish mumkin bo‘ladi.
“22 mingta o‘lchov vositalarini biz kalibrlash va qiyoslashdan o‘tkazamiz. Bu esa taxminan $2,5 mln mablag‘ni tejaydi. 2025−2026 yillarda 10ta yangi sinov laboratoriyalarini tashkil qilish topshirildi. Yana bitta muhim topshiriq: sinov laboratoriya kampusini tashkil etish. 2025-yildan uning loyihalash va qurilish ishlari boshlanadi”, — dedi u.
Akmal Jumanazarovning qayd etishicha, kampus o‘z ichiga 6ta laboratoriyani qamrab oladi: elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo-polimer hamda to‘qimachilik kabi sohalar bo‘yicha.
Prezident texnik tartibga solish sohasidagi qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti talablariga moslashtirish muhimligini ta’kidlagandi. Hozirda 2,5 mingta standart tahlildan o‘tkazilgan bo‘lib, uning natijasida 2 mingdan ortiq standartni xalqaro standartga o‘tkazish rejalashtirilgan. 182ta standart esa bekor qilinadi.
Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov xalqaro standartlashtirish sohasida kadrlar tayyorlash uchun texnik talablarni qayta ko‘rib chiqish topshirilganini qayd etdi.
“Standartlashtirish va metrologiya sohasidagi 21ta OTMlardagi 400ga yaqin jihozlarning, laboratoriyalarning bozor talablariga javob bermasligi aniqlandi. 2025-yildan 2027-yilgacha bosqichma-bosqich oliygohlardagi laboratoriya jihozlari yangilanadi. Ularda 14ta hududdagi standartlashtirish va metrologiyaga oid muammolarni hal etish rejalashtirilgan.
Buning uchun OTMlarda tashkil etilayotgan laboratoriyalar akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.
Yil boshida JST bilan samarali hamkorlik qilish maqsadida agentlik tuzilmasida Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha axborot markazini ishga tushirish taklif qilingandi.