“TikTok” butun dunyo bo‘ylab yuzlab xodimlarini, shu jumladan Malayziyadagi xodimlarini ishdan bo‘shatadi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.

Xodimlarning qisqartirilishiga platformadagi kontentni tartibga solish uchun sun’iy intellekt tizimlaridan tobora ko‘proq foydalanilayotgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Nashr avvalroq “TikTok” kompaniyasining Malayziyadagi 700 nafar xodimini ishdan bo‘shatish rejalari haqida yozgan edi.

“Reuters” so‘roviga javoban kompaniya turli mamlakatlardagi bir necha yuz nafar xodimni ishdan bo‘shatishini va Malayziyada 500 dan kam ish o‘rni qisqartirilishini aytdi.

Qayd etilishicha, “TikTok” allaqachon sun’iy intellektdan foydalanishni insoniy moderatsiya bilan birlashtirmoqda.

“Reuters” manbalariga tayanib xabar berishicha, kompaniya yaqin oylarda qo‘shimcha qisqartirishlarni rejalashtirmoqda, chunki u ayrim mintaqaviy bo‘linmalarni birlashtirishni rejalashtirmoqda.

May oyida “TikTok” marketing va operatsion bo‘limlarida ko‘plab xodimlarni qisqartirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

Ishdan bo‘shatish global foydalanuvchi operatsiyalari, kontent va marketing bo‘limida ishlaydigan 1000ga yaqin odamlarning aksariyatiga ta’sir qilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, foydalanuvchilarning o‘zaro aloqasi va qo‘llab-quvvatlashi uchun mas’ul bo‘lgan jamoani tarqatib yuborish rejalashtirilmoqda.

Xitoyning “ByteDance” kompaniyasiga tegishli va 2018-yilda ishga tushirilgan “TikTok"ning asosiy ofislari Los-Anjeles va Singapurda joylashgan.


Avvalroq “Spot” AQShning 14 shtat prokuraturasi “TikTok"ga qarshi sudga murojaat qilgani haqida yozgandi.

Ularning fikricha, xizmat voyaga yetmaganlar o‘rtasida nosog‘lom qaramlikni keltirib chiqaradi va ularning ruhiy salomatligiga zarar yetkazadi.