Buyuk Britaniya O‘zbekistondagi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) uchun 12,6 mln yevro miqdorida kredit kafolatini taqdim etdi. Bu haqda “Spot"ga Britaniya elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Kredit Shotlandiyaning “Weir” kompaniyasidan 2022-yilda buyurtma qilingan avtomatlashtirilgan uskunalarni xarid qilishni qayta moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Bu Buyuk Britaniya eksport-kredit agentligi (UKEF) tomonidan qo‘llab-quvvatlangan birinchi bitim. Bu agentlik rahbari Tim Reydning O‘zbekistonga tashrifi va uning Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan uchrashuvidan so‘ng amalga oshirildi.
Reyd O‘zbekistondagi yirik loyihalarni, jumladan, yo‘l qurilishi, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, shuningdek, foydali qazilmalarni qazib olish sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Buyuk Britaniya eksport kredit agentligi O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlari: toza energiya, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim va ishlab chiqarish loyihalari uchun 4 mlrd funt sterling ($4,88 mlrd) miqdorida moliyalashtirish chegarasini belgiladi.
Qayd etilishicha, 2023-yili ikki tomonlama savdo hajmi 381 mln funt sterlingni tashkil etdi, bu 2022-yilga nisbatan 10%ga ko‘pdir. O‘zbekistonning Buyuk Britaniyaga eksportining asosiy qismini mis va rangli metallar tashkil etadi.
Buyuk Britaniya eksport krediti agentligi 1919-yilda tashkil etilgan va Britaniya eksportini qo‘llab-quvvatlashning asosiy qismi hisoblanadi. U eksportchilarga shartnomalar tuzish va muzokaralar olib borishda yordam berish uchun moliya va sug‘urta bilan ta’minlaydi hamda Buyuk Britaniyadan tovar va xizmatlarni xarid qilish bo‘yicha xalqaro loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Avvalroq “Spot” OKMK Germaniyaning ikki banki bilan 146 mln yevro ajratishga kelishib olgani haqida yozgandi.