“Boeing” yaqin oylarda ishchi kuchining taxminan 10%ini qisqartirishni rejalashtirmoqda, dedi aviakompaniya bosh direktori Kelli Ortberg.
Qayd etilishicha, ishdan bo‘shatish qarori rahbarlar, menejerlar va oddiy xodimlarga ta’sir qiladi.
Ortebrg ishdan bo‘shatishni xodimlar sonini kompaniyaning “moliyaviy realliklari"ga moslashtirish zarurati bilan izohladi.
“Boeing” kompaniyasida sentabr oyining o‘rtalaridan beri ommaviy ish tashlash davom etmoqda. 30 mingga yaqin ishchi ish haqini oshirishni talab qildi.
Kompaniya ish tashlash boshlanganidan keyin o‘n minglab xodimlarini ishdan bo‘shatishini ma’lum qildi.
“Boeing” prezidenti va bosh direktori Devid Kalxun 2024-yil oxirida ikkala lavozimni tark etishini e’lon qildi.
U kompaniyani barqarorlashtirish va joylashtirish bo‘yicha muhim ishlarni yakunlash uchun bir yil davomida boshqarishda davom etadi.
Shuningdek, kompaniyaning direktorlar kengashi raisi Larri Kellner ham o‘z lavozimini tark etadi.
Uning vorisi Stiv Mollenkopf bo‘ladi, u “Boeing"ning keyingi bosh direktorini tanlashga rahbarlik qiladi.
Mollenkopf 2020-yildan beri direktorlar kengashida ishlaydi, undan oldin u “Qualcomm” elektronika ishlab chiqaruvchisi bosh direktori bo‘lgan.
Shu bilan birga, “Boeing"ning “Commercial Airplanes” bo‘limi rahbari (samolyotlarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish va sotish uchun mas’ul) Sten Deal kompaniyani tark etadi. Uning o‘rnini Stefani Pope egallaydi.
“Boeing” kompaniyasi “737 Max” samolyotlari dasturi rahbari Ed Klarkni ishdan bo‘shatgani haqida xabar berilgandi.
Klarkning ishdan bo‘shatilishi kompaniyaning tijorat samolyotlari bo‘limi rahbari Sten Dealning Boeing xodimlariga yo‘llagan xabarida ma’lum bo‘ldi.
“Boeing” bilan nimalar sodir bo‘ldi?
2024-yilning 5-yanvarida “Alaska Airlines” aviakompaniyasining “Boeing 737 Max 9” samolyoti parvoz vaqtida qulab tushgan lyuk tufayli Portlendga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi.
6-yanvar kuni AQSh Federal Aviatsiya boshqarmasi 171 ta “Boeing 737 Max 9” samolyotining parvozini vaqtinchalik to‘xtatdi.
Bu qaror Yevropa, Turkiya va Britaniya regulyatorlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
8-yanvar kuni “United Airlines” aviakompaniyasi ichki tekshiruvlar natijasida “Max 9"ning turli qismlarida bo‘shashgan murvatlar aniqlanganini ma’lum qildi.
Bir kundan keyin “Alaska Airlines” ham xuddi shunday xabar berdi.
“Boeing” kompaniyasi bosh direktori Devid Kalxun vaziyatga mutlaqo shaffoflik bilan yondashishga va’da berdi.
Yanvar oxirida AQSh Federal Aviatsiya boshqarmasi (FAA) “Boeing” kompaniyasiga “Max” samolyotlarini, jumladan 737 Max 9 samolyotlarini ishlab chiqarishni kengaytirishga ruxsat bermasligi haqida ogohlantirdi.
“Biz sifat nazorati bilan bog‘liq barcha masalalar hal bo‘lganiga ishonch hosil qilmagunimizcha, kompaniyaning hech qanday so‘rovini qabul qilmaymiz”, — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, departament tomonidan parvozi vaqtincha taqiqlangan 171 dona “737 Max 9” rusumli havo kemalarini tekshirish va texnik xizmat ko‘rsatishning yangilangan tartibi tasdiqlandi.
Tez-tez uchraydigan xavfsizlik muammolari “737 Max"ni aviatsiya tarixidagi eng bahsli modelga aylantirdi.
Masalan, “Max 8” samolyotlari Jakarta va Addis-Abeba yaqinida qulagan. Birinchi holatda 180 dan ortiq, ikkinchisida esa 150 dan ortiq odam halok bo‘ldi.
Shundan so‘ng regulyatorlar “Max” samolyotlari parvozlarini deyarli ikki yilga taqiqladi.