Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasi O‘zbekistonda elektropoyezdlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Transport vazirligi matbuot xizmati.
11-oktabr kuni transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev “Hyundai Rotem” kompaniyasining “Global Rail Group” rahbari Kvak Chol Xun bilan respublikada elektropoyezdlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasini muhokama qildi.
Yig‘ilishda Janubiy Koreyaning “Korail” temir yo‘l operatori tomonidan hozirda harakatlanayotgan elektropoyezdlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish taklif etildi.
Bundan tashqari, “Hyundai Rotem” mahalliylashtirish asosida ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan poyezdlarning asosiy texnik tavsiflari bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar loyihaning qo‘shimcha imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, taklif tahlilini o‘tkazish, shuningdek, yangi ishlab chiqarish maydonlarini o‘rganishga kelishib oldilar.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” 2018-yildan buyon “Hyundai Rotem” kompaniyasidan poyezdlar xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Biroq 2023-yilning kuzida davlat kompaniyasi Koreyadan tezyurar poyezdlarni sotib olishi ma’lum bo‘ldi.
Dastlabki kelishuvga ko‘ra, Janubiy Koreya Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi (EDCF)dan 185 mln yevro mablag‘ jalb qilinishi, bunda kredit 35 yil muddatga, 10 yillik imtiyozli muddat bilan yillik 0,1$ stavkada berilishi belgilangandi.
Yangi poyezdlar ishga tushirilgach, Toshkent-Xiva yo‘nalishiga qo‘yilishi rejalashtirilgan. 7 vagondan iborat elektropoyezd 351ta o‘rindiqqa ega bo‘ladi va soatiga 250 kilometr tezlikda harakatlana oladi.
Avvalroq “Spot” metro bekatlariga yaqin korxonalarda ham ish vaqtini o‘zgartirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.