Murodilla Alimbayev tarjimonlik faoliyati bilan boshlangan muvaffaqiyat cho‘qqisi Barselona futbol jamoasidagi ishi bilan chambarchas bog‘landi. U dunyoning mashhur futbol yulduzlari Messi, Ronaldo, Pele kabi mashhur insonlar bilan bir sahnada mehnat qildi.

Tarjimonlik karyerasidan so‘ng kinoteatr biznesi bilan shug‘ullanishni boshlab, O‘zbekistonda birinchi golografik kinoteatr tashkil etdi. Har sohada o‘zini sinab ko‘rishdan qo‘rqmaydigan, shirinlikni sevuvchi tadbirkor xizmat safarlari davomida turli shokoladlar tatib ko‘rar, har bir taʼmni o‘zi uchun kashf etib borardi.

Koronavirus pandemiyasi kino industriyasini ham chetlab o‘tmadi. Insonlarning to‘rt devor orasidan tashqariga chiqa olmasligi kino biznesni jar yoqasiga olib keldi. Shunday tahlikali vaziyatda, Alimbayev qiziqishlarini jonlantirib $200 bilan “Iman chocolate & fruits” ga asos soldi.

Intervyuning to‘liq versiyasi video shaklda taqdim etilgan:


Tarjimonlikdan shokolad biznesi sari

Tarjimonlik faoliyatim sababli xorijiy davlatlarda ko‘p bo‘lganman. Shirinlikni juda sevganim bois har bir safarimda turli mamlakatlarning shokoladlarini o‘rganib chiqardim. 2020-yil COVID19 pandemiyasi paytida uydan piyoda chiqib, Anhor lokomotiv bog‘idagi (hozirgi Navro‘z bog‘i) kinoteatrga borib, 2×2 joyda shokoladlar tayyorlashni boshladim. Dastlabki na’munalardan yaqinlarim, tanish insonlarimga tatib ko‘rish uchun berdim. Ulardan yaxshi sharxlarni eshitgach bu biznesni kengaytirishga qaror qildim.

Besh oylardan so‘ng Navro‘z bog‘idan 7×7 joyni ijaraga oldim. Shokoladlarni tayyorlab sotuvni boshladik. Boshida xurmoli shokoladlarimizning 5 turini xaridorlarga taqdim etdik, talab oshgani sari o‘zbek quruq mevalaridan foydalanib turlarini kengaytirdik. Shu alfozda ishim yaxshi yurisha boshlagach biznesni yanada kattalashtirdik, kichik zavod ham ochdik.

Birinchi olgan 70 mln so‘m foydam kechagidek yodimda — Hayit kunlariga to‘g‘ri kelgandi.

Brendga nom tanlash: hammasi “Iman” dan boshlandi

Har qanday biznesni boshlashdan avval, unga to‘g‘ri nom tanlash zarur. Ko‘p narsa brendning nomiga ham bog‘liq. Men brendimga nom tanlayotganimda ishonch, iymon va biznesim yaxshi rivojlanishiga umid qilgan holda qo‘yganman. Agar odamning hayotda iymoni bo‘lmasa hech narsa qila olmaydi, bir narsaga ishonsakgina rivojlanib, olg‘a qadam tashlay olamiz. Aynan mana shu sababdan “Iman” deb nom qo‘yganman.

Markaziy Osiyoda Qozog‘istonning “Raxat” kompaniyasi shokolad ishlab chiqarish bo‘yicha mashhur. Huddi shu singari “Iman” nomi ham dunyoga tanilib, mashur bo‘lishi uchun jamoamiz bilan qo‘limizdan kelgancha harakat qilamiz. Eng quvonarlisi shundaki, hozirgi kunda O‘zbekistonga kelgan ko‘p sayyohlar bu nomni biladi. Safarlari qarigach mamlakatlariga “Iman"ni o‘zlari bilan olib ketib, yaqin insonlari bilan bo‘lishishmoqda.

chocolatebiznes, imanchocolatesfruits, murodillaalimbayev

“Iman chocolate & fruits”. Foto: Jaloliddin Rajabov / Spot

So‘zim davomida shuni aytib o‘tishim joizki, bizda har xil shokladlar to‘plami mavjud bo‘lib, ularga ota-bobolarimiz, masalan, al-Buxoriy, al-Xorazmiy, Nodirabegim, Bobur kabi allomalarimizning nomini qo‘yganman. Sayyohlar shirinliklarni o‘zlari bilan olib ketishganda ham “Bobur kim ekan?”, deb qiziqib ko‘rishlari, tarix varaqlarini titkilab, uni kim ekani va qayerdan chiqqanini bilishlarini istayman.

Shokolad bozori tendensiyasi: o‘zbek mevalari shokolad bilan yana ham shirinroq

Odamzod bitta narsada to‘xtashi kerak emas, har doim o‘z ustida ishlashi, rivojlanishi kerak. Mening ham niyatim shokoladning cho‘qqisiga chiqish, har doim tajriba qilish.

O‘zbekiston dunyoga o‘zining quruq mevalari bilan mashhur. MDH mamlakatlari va boshqa davlatlardan bizning yurtga mehmonga kelishsa, ularni sevib iste’mol qilishadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, bizning mevalarimiz zo‘r va hamisha sayyohlar diqqat markazida. Shu sababdan ham shokoladlarni mevalar bilan qorishtirib tayyorlashga qaror qilganman. O‘zbek mevalari shokolad bilan yana ham shirinroq bo‘ladi.

Ko‘pchilik sayyohlar Yevropa, Osiyo mamlakatlaridan kelishadi va u yerning qandolatchilari ko‘proq gonajlar bilan ishlashadi. Chunki, ularda bunday mevalar ko‘p emas, bor bo‘lsa ham juda qimmat turadi.

“Iman” raqamlarda

Birinchi katta hajmdagi buyurtmamizni 10ta katta o‘zbek laganlariga to‘ldirib sotganmiz. Birdaniga daromadga chiqqanmiz deyish no‘to‘g‘ri bo‘ladi, lekin ilk foyda yuqorida aytganimdek 70 mln so‘m bo‘lgan.

Shokolad biznesimizda iyun-avgust oylarida sotuv 50%ga tushib, salqin ichimliklarimizga bo‘lgan talab oshadi. Bu paytda foydamiz katta bo‘lmasa-da, zararga ham kirmaymiz. Bozorga shokoladlarni olib kirishda ayol kishilar ko‘proq sutli shokoladlarni, erkak kishilar tarkibida kakaosi ko‘proqlarini (58%), shokoladni tushunuvchilar esa 70%dan yuqori bo‘lganlarini yaxshi ko‘rishlarini aniqladik. Sotuv pasaygan ushbu tahlilga asoslangan holda bozori chaqqon bo‘lgan shokoladlarga urg‘uni ko‘proq beramiz.

Xodimlarning maoshlariga to‘xaladigan bo‘lsak ish haqi 5 mln so‘mdan boshlanadi. Yaqin kunlarda, KPI tizimiga o‘tishni rejalashtiryapmiz, bunda xodimlar mehnatiga yarasha haq oladi.

Bu biznesni qanchadan boshlash mumkin?

Hozirgi kunda $200 bilan ham shokolad biznesni boshlasa bo‘ladi. Biznes ochgan odam har doim bitta savolga javob berishi kerak: “Nima sababdan men chiqarayotgan mahsulot boshqalarning mahsulotidan afzal?”. Misol uchun, mahsulotlarimning sifatli a’lo darajada bo‘lib, ularning 50dan ortiq turlari mavjud ekanligini bemalol ayta olaman.

chocolatebiznes, imanchocolatesfruits, murodillaalimbayev

Foto: Jaloliddin Rajabov / Spot

Biznes boshalash uchun avvalo bilimlarni kengaytirish kerak. Agar yetarli mablag‘ mavjud bo‘lsa Turkiya, Yevropa mamlakatlariga borib ularning shokolad ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish maqsadga muvofiq bo‘ladi, lekin bu arzon emas.

Eng yaxshi, bepul ustoz bu YouTube — unda kerakli videolarni ko‘rib, tajriba orttirgan holda boshlab ko‘rishdan cho‘chish kerak emas. Avvalo, marketing, ijtimoiy tarmoqlar orqali mijozlar bazasini shakllantirish kerak. “Iman chocolate & fruits” marketing uchun oyiga $600−700 sarflaydi. Hozirgi kunda xaridorlarga qulaylik yaratish, sotuvni ko‘paytirish maqsadida botlar ham ishga tushirilgan.

Shokolad biznesni boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlarda birinchi navbatda, shpatel, shokolad va kakao moyi, temperovka qilishni ham o‘rganish kerak bo‘ladi. Bu shunday jarayonki, agar noto‘g‘ri qilinsa shokolad terlab, unda oq dog‘lar paydo bo‘ladi. Qandolatchilarning katta qismi asosan tortlarni temperovka qilishni bilishadi, lekin shokoladni emas.

Shokoladlarning tarkibi

Birinchi navbatda sifatga e’tbor berish lozim. Shokoladni tatib ko‘rganda u og‘izda o‘zi erib ketib, qorasida (58%) achchiqlik ta’mi sezilib, shakar miqdori kam bo‘lishi kerak.

80−70-yillardagi shokoladlarni kimdir iste’mol qilib ko‘rgan bo‘lsa uni sifatini hozirgisi bilan taqqoslab bo‘lmasligini yaxshi biladi. Sababi, u paytlarda shokolad tayyorlashda kakaoni ko‘proq qo‘shishar, palma yog‘i umuman ishlatilmas edi.

chocolatebiznes, imanchocolatesfruits, murodillaalimbayev

Foto: Jaloliddin Rajabov / Spot

Bugungi kunga kelib chet eldan keladigan plitka shokoladlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak ularning tarkibi asosan shakardan iborat bo‘lib, kakao moyi kamroq, asosan, palma yog‘i ishlatilib, ranglardan foydalaniladi. Hozir shunday kimyoviy moddalar mavjudki har bir inson uni iste’mol qilganda shokolad deb hisoblaydi. Yaxshi, sifatli mahsulotlarni yoshi katta avlod vakillari ko‘proq sog‘inadi va men aynan ularning bolalikdagi sifatli ta’mini qaytarmoqchiman. Mayli biroz qimmat bo‘lsin, lekin bir oyda bir marta bo‘lsa ham shu sifatli mahsulotni iste’mol qilishsin.

Hozirgi kunda shokoladga tannarxi qo‘yishga qiynalyapmiz. Boisi, dunyoda kakao inqirozi bilan bog‘liq muammolar bizni ham chetlab o‘tmayapti. Noyabr oyiga qadar bizda shokolad tayyorlash uchun kerakli mahsulotlar bor. Kakao yetkazib beradigan korxonalar katta shokolad ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan kakao yetkazib berish bo‘yicha kelishib olgan, biz ham kelishuvlar olib borishga harakat qilyapmiz.

Narxlar 5%ga oshishi mumkin. Narxni oshirmasdan shokolad tayyorlaydigan bo‘lsak kakao moyini emas palma moyini ishlatishimiz kerak bo‘ladi. Kakao moyi $28 bo‘ladigan bo‘lsa palma moyi $5−6.

Biznesda mijoz bilan ishlash va kadrlar

Tadbirkor uchun eng qiyin va ayni damda maroqli jarayonlardan biri bu mijozlar bilan muloqot qilish, ular bilan ishlash. Mijoz bilan ishlashni o‘ziga yarasha ijobiy va salbiy tomonlari mavjud. Ijobiy tomonlari shundaki, o‘zingiz chiqarayotgan mahsulotning sifatini bilib olasiz.

Besh qo‘l barobar emas, mahsulotingiz mingta odamga yoqsa, shundan 20 kishiga yoqmasligi mumkin va siz nima sababdan bu xaridorga yoqmaganini o‘rganib ko‘rishingiz kerak. Siz yuritayotgan biznesning muvaffaqiyatga uchrashi aynan mana shu omil bilan bog‘liq.

chocolatebiznes, imanchocolatesfruits, murodillaalimbayev

Foto: Jaloliddin Rajabov / Spot

Bugungi kunda xodimlar bilan munosabat juda qiyin masala — kadrlarni o‘rgatish, sotish madaniyati, ishiga bo‘lgan munosabati, xaridorlar bilan gaplashishni bilmaslik. Bu masalada o‘zimga har doim tanqidiy qarashga harakat qilaman. Kundan kunga bir masalaga amin bo‘lib boryapman kadrlarni o‘rgatish kerak, hozir shu masala ustida ish olib boryapman. Qancha katta bo‘lsam ishim shuncha zo‘r bo‘ladi, deb hisoblardim. Amalda esa aksi bo‘lib, ishim shuncha ko‘paydi.

Kelajakdagi rejalar: yosh tadbirkorlar uchun tavsiyalar

O‘zbekistonda kakao loviyasidan shokolad tayyorlaydigan tadbirkorlar yo‘q. Shunday ekan tadbirkorlarni bozorga kirib kelishi, o‘z o‘rnini topishi uchun imkoniyatlar yetarli. Buning uchun ulardan harakat va o‘z ustida ishlash talab etiladi.

Shu o‘rinda bir narsani aytib o‘tishim joiz, har kim ham biznes yurita omaydi. Agar kimdir tadbirkor bo‘lmoqchi bo‘lsa unda hech nimadan qo‘rmasligi, o‘z ustida ishlab faqat oldiga qarab yurishi talab etiladi. “Novda” kabi bo‘ling, yo‘lingizni to‘sishdimi yana harakat qiling, ana shunda natijaga erishasiz.

Kelajakdagi rejalarimga to‘xtaladigan bo‘lsak, hozirda 10ta yangi shokolad turlarini ishlab chiqdik, ularni yana ham kengaytirmoqchimiz. “Iman” shokoladlarini butun dunyo tatib ko‘rishi uchun xalqaro bozorga yo‘l ochyapmiz. Shu kunga qadar Qozog‘iston, Xitoy kabi davlatlarga eksportni yo‘lga qo‘ydik, bu ro‘yxatni yana ham kengaytirmoqchimiz.