“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” yevroobligatsiyalarning debyut emissiyasini joylashtirdi. Bu haqda “Spot"ga kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston uchun emissiya 2021-yil noyabridan beri jahon qarz kapitali bozoridagi birinchi va korporativ segmentdagi eng yirik emissiya bo‘ladi. U umumiy hajmi $1 mlrd bo‘lgan ikkita transhni o‘z ichiga oladi.

$500 mlnlik yevrobondlarning bir emissiyasi to‘rt yil, ikkinchisi esa yetti yil muddatga mo‘ljallangan. Kupon daromadi mos ravishda yiliga 6,7% va 6,95% bo‘ladi.

Transhlar bo‘yicha jami buyurtmalar kitobi $5,5 mlrdni tashkil etdi, bu O‘zbekiston emitentlari uchun 2019-yilda suveren obligatsiyalarning birinchi chiqarilishidan keyingi eng katta hajmdir.

Yig‘ilgan mablag‘lar umumiy korporativ maqsadlarga, jumladan, kapital xarajatlarni moliyalashtirish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish va operatsion xarajatlarga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, “NKMK” mavjud qarzlarining bir qismini ushbu pul hisobidan qayta moliyalashtiradi.

NKMK rahbarining transformatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Yevgeniy Antonov kompaniyaning “haqiqiy xalqaro kon kompaniyasi” bo‘lish rejalarini e’lon qildi.

Bunga erishish uchun geologiya-qidiruv ishlarining yangi yo‘nalishlarini o‘zlashtirish va raqamli texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan.

Iyul oyida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” “S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentligi tomonidan birinchi kredit reytingini olgandi.

Kompaniyaga O‘zbekistonning suveren reytingiga muvofiq “Barqaror” prognozi bilan “BB-” uzoq muddatli kredit reytingi berildi.

Avgust oyida esa Yaponiyaning “MUFG” banki va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” o‘rtasida $150 mln miqdorida ikki tomonlama kredit shartnomasi imzolandi.

Ushbu kredit mablag‘lari “NKMK"ning amaldagi investitsiya dasturining loyihalarini uzluksiz moliyalashtirishni ta’minlaydi.

Mablag‘ bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan loyihalar qayta ishlash quvvatlari va ishlab chiqarish hajmini oshiradi.

Shuningdek, konlarni o‘zlashtirish, yangi ishlab chiqarish obyektlarlarini ishga tushirish va amaldagilarini modernizatsiya qilish hisobiga yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan.