Istiqbolli loyihalar milliy agentligi transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish (OSAGO) bo‘yicha kompensatsiya miqdorini ikki baravar oshirishni taklif qilmoqda. Bu haqda agentlik matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
May oyi oxirida ILMA transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta tarifi miqdori qayta ko‘rib chiqilayotganini, buning uchun takliflar qabul qilinayotganini e’lon qildi.
Regulyator yil davomida sug‘urta tovonini to‘lash kechiktirilganligi va yetkazilgan zararni qoplash uchun to‘lovning eng yuqori miqdori yetarli bo‘lmaganligi uchun fuqarolar murojaatlari keskin oshganini qayd etdi — 2 700ta shikoyat yoki ularning 50%dan ortig‘i.
Jahon banki statistikasiga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda iste’mol narxlari indeksi 160%ga, eng kam ish haqi 265%ga, bazaviy hisob-kitob qiymati esa 168%ga oshgan. Natijada avtomobillar, ularning ehtiyot qismlari va butlovchi qismlari, shuningdek, ta’mirlash xizmatlari narxlari oshishi kuzatilmoqda.
Masalan, “UzAuto Motors” avtomobillari tannarxining oshishi o‘rtacha 154,5%ni tashkil etdi. O‘tgan yili xorijiy avtomobillar importi 2,4 baravarga oshib, 73 ming donaga yetdi. Shu bilan birga, chetdan olib kelinayotgan avtomobilning o‘rtacha narxi 300 mln so‘mdan oshdi.
Agentlikning ta’kidlashicha, ayni paytda O‘zbekistonda sug‘urta summasi va sug‘urta mukofoti qo‘shni davlatlar, jumladan, Rossiya, Qozog‘iston va Ozarbayjonga nisbatan eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
O‘zbekiston Aktuariylar jamiyati takliflarini inobatga olgan holda, ILMA OSAGO bo‘yicha sug‘urta summasi miqdorini 40 mln so‘mdan 80 mln so‘mgacha oshirishni taklif qilmoqda. Aksariyat hollarda, taklif qilingan miqdor budjet segmentidagi avtomobillar uchun yetkazilgan zararni qoplashga yetarli bo‘ladi, deya qayd etadi regulyator.
Hujjat qabul qilinsa, yengil avtomobillar, yuk mashinalari, avtobus va mikroavtobuslar, tramvaylar, mototsikl va skuterlar, traktorlar, o‘ziyurar qurilish mashinalari va boshqalar uchun OSAGO tarif stavkalari o‘zgaradi.
Avvalroq aholini sug‘urtalash tizimini joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Inson hayoti va faoliyati davomida vaqtincha mehnat qobiliyatini yo‘qotganida yoki ishsiz qolganida ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan qo‘llab-quvvatlanadi.