Adliya vazirligi ayrim dori vositalarining kontrafakt nusxalari sotuvi aniqlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 2023-yilda 21ta, 2024-yilning o‘tgan davrida esa 16ta holatda dori vositalari intellektual mulk huquqlariga rioya qilinmagan holda davlat ro‘yxatiga olinganligi aniqlandi.
Xususan, “Magne B6”, “Imudon”, “Smekta”, “Duspatalin”, “Elevit” kabi tovar belgilari ostida ishlab chiqariladigan dori vositalarining kontrafakt nusxalari “Magne B6”, “Nest Imudon”, “Smecta”, “Grand Imudon”, “Mer Duspatanim”, “Elemalvit” ko‘rinishida turli farmasevtika korxonalari nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Natijada, Adliya vazirligi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ogohnoma kiritildi. Vazirlik dori vositalari, tibbiy buyumlar va texnikalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda qonunchilik talablari buzilishini oldini olishi kerak.
Shu bilan birga, vazirlik bunday holatlar takroran sodir etilganda qonunchilikda belgilangan jazo choralari qo‘llanilishi haqida ogohlantirildi.
“Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to‘g‘risida"gi qonun bilan dori vositalarini, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Qalbakilashtirilgan va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini ishlab chiqarish taqiqlanadi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi tomonidan 500ga yaqin dorixona dori vositalarini oshirib sotgani natijasida 5,4 mlrd so‘mga yaqin asossiz daromad olingani aniqlangandi.