10-oktabr kuni bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumida elektr va gaz bozorini isloh qilish rejalari haqida gapirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat energiya xavfsizligini ta’minlashda, shu jumladan tarif islohotini amalga oshirishda kompleks yondashuvdan foydalanmoqda. Vazir kelgusidagi ikkita omilni ajratib ko‘rsatdi — iqtisodiy o‘sish va “energiya samaradorligini oshirishdan kutilayotgan natijalar.”
“2028-yilda biz O‘zbekistonda tabiiy gaz ulgurji bozoriga o‘tishni yakunlamoqchimiz. Undan oldin, albatta, 2027-yilda elektr energiyasi bozori paydo bo‘ladi”, — dedi Jamshid Qo‘chqorov.
Vazir mamlakatda gaz qazib olish mahalliy kompaniyalar tomonidan va mahsulot taqsimotiga oid bitimlar (MTB) doirasida amalga oshirilayotganini ta’kidlab, “yangi kichik kompaniyalar” paydo bo‘lganini aytdi. “O‘zbekiston gaz qazib olish bozoridagi ishtirokchilar sonini ko‘paytirishdan manfaatdor”, dedi u.
Energiya samaradorligini oshirish va tabiiy gaz yo‘qotishlarini kamaytirish maqsadida hukumat tomonidan gaz taqsimlash tarmoqlarini davlat-xususiy sheriklik (DXSh) tamoyili asosida o‘tkazish dasturi qabul qilindi.
“Hozir Buxoro viloyati misolida shunday loyiha tayyorlayapmiz. Bu ham, bizningcha, tabiiy gaz yo‘qotishlarini kamaytirishga yordam beradi. Turkiya 63 mlrd kub metr gaz iste’mol qiladi. Biz biroz kichikmiz, aholimiz esa ikki baravar kam, iqtisodiyotimiz ham kichik”, — dedi vazir.
Bosh vazir o‘rinbosari milliy iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish ustida ishlash zarurligini qayd etdi. O‘zbekiston “Gazprom” va Rossiyaning boshqa kompaniyalari bilan hamkorlikni davom ettiradi, deya qo‘shimcha qildi u.
2030-yilgacha davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturiga ko‘ra, 2027-yilning 1-iyuligacha elektr tarmoqlarini, shu yil yakunigacha esa gaz taqsimlash tarmoqlarini xususiy operatorlarga o‘tkazish bo‘yicha shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan. Natijada energiya yo‘qotishlari kamida yarmiga qisqarishi kutilmoqda.
Avvalroq Qozog‘iston va “Gazprom” O‘zbekiston gaz transporti tizimini modernizatsiya qilishda ishtirok etishi haqida xabar berilgandi.