“Telegram” messenjeri Qozog‘istonda o‘z ofisini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev ma’lum qildi.

Qozog‘iston qonunchiligiga ko‘ra, internet platformalarining mamlakatda vakili bo‘lishi shart.

Madiyevning ma’lum qilishicha, “Telegram” bilan Qozog‘istonda o‘z vakilini tayinlash va ofis ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Biroq, ofis ochilishining aniq sanalari va joylashuvi hali e’lon qilinmagan.

“Mamlakat rasmiylari noqonuniy kontentni zudlik bilan olib tashlash va „buzg‘unchi kanallarni“ blokirovka qilish uchun kompaniya bilan allaqachon hamkorlik qilmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi vazir.

Bundan tashqari, vazirning eslatishicha, boshqa ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar ham noqonuniy kontentni blokirovka qilish bilan bog‘liq muammolarni tezkorlik bilan hal qilish uchun Qozog‘istonda o‘z vakillarining bo‘lishini tashkil etishga majbur.

Iyun oyi oxirida Qozog‘istonda “Toncoin” kriptovalyutasiga rasman ruxsat berilgani haqida xabar berilgandi.

Endilikda investorlar litsenziyalangan platformalarda mazkur raqamli aktiv bilan savdo qilishlari mumkin bo‘ladi.

Iyun oyi boshida Pavel Durov yozda Markaziy Osiyoga tashrif buyurishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilgandi. “Telegram” asoschisi Markaziy Osiyoga messenjer foydalanuvchilari va ularning raqamli ehtiyojlarini o‘rganish uchun kelishini aytgan.

Uning birinchi safari Qirg‘izistondan boshlanib, u yerda mahalliy telekom rahbarlari bilan uchrashdi Qirg‘iziston “Telegram” foydalanuvchilari tajribasini yaxshilash yo‘llarini muhokama qildi.

Undan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda Durovning O‘zbekistonga yetib kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Xususan, Otabek Umarov o‘zining “Instagram"dagi sahifasida Durov mamlakatga tashrif buyurganini ma’lum qildi. “Telegram” asoschisining navbatdagi manzili Qozog‘iston bo‘ldi.