10-oktabrda qabul qilingan hukumat qarori bilan Yo‘l harakati qoidalariga jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, Yo‘l harakati qoidalari 171-bobi bilan to‘ldirildi. U yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan (“A” harfi chizilgan) tasmasi bor yo‘ldan jamoat transportidan boshqa transport vositalarining harakatlanishini taqiqlaydi. Shunga qaramay, bundan tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari mustasno.
Mazkur yo‘ldan harakatlanishi taqiqlangan avtomobillar undan faqat yondosh hududga kirish yoki chiqish maqsadida foydalanishlari mumkin. Bunda yondosh hududning kirish yoki chiqish joyidan 50 metr masofadagi yoxud yaqin masofadagi uzuq-uzuq chiziqli joyigacha harakatlanishga ruxsat etiladi.
O‘z navbatida, transport vositasi bu yo‘lakda harakatlanib kelayotgan yo‘nalishli transport vositasi harakatiga to‘sqinlik qilmasdan, unga yo‘l bergandan so‘ng yondosh hududga kirish yoki chiqishni amalga oshirishi mumkin.
2022-yilning dekabridan Toshkentda alohida avtobus yo‘lakchalari tashkil etila boshlandi. Mazkur yo‘lakchalarda avtobuslardan tashqari faqatgina tez yordam, yong‘in xavfsizligi va IIV avtomobillari harakatlanishi mumkin.
2023-yil oxiriga kelib esa, avtobus tasmalarida harakatlangan avtomobillarni maxsus kameralar orqali qayd etish yo‘lga qo‘yildi. Bunda tasmalarga sababsiz o‘tib to‘xtagan, harakatlangan, avtobuslarning harakatiga xalaqit bergan, qoldirib ketilgan avtomobillar aniqlanib, jarimalarga tortildi.
Masalan, videokameralar bir kunda avtobus yo‘laklarida to‘xtab turgan 175ta avtomobilni aniqladi. Buning uchun haydovchilar 680 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.