O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida pasayish tendetsiyasi kuzatildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.
Unga ko‘ra, sentabr oyida ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni avgust oyiga nisbatan 4,2%ga kamayib, 21,2 mingtani tashkil etgan.
Yillik hisobda ko‘chmas mulk bozorida faollik sezilarli pasayib, o‘tgan yilning sentabr oyiga solishtirganda uy-joy savdosi bilan bog‘liq shartnomalar soni 9%ga kamaygan.
2024-yilning uchinchi choragida yil davomida uy-joy savdosi 13%ga kamayib, 66,5 mingtani tashkil etdi.
Hududlar kesimida ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk bitimlari sonida eng katta pasayish Jizzax, Toshkent va Samarqand viloyatlarida mos ravishda 20%, 14% va 13%ga qayd etildi.
Uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk bozoridagi faollik Toshkent (25,7%), Buxoro (24,3%) va Namangan viloyatlarida (18,7%) nisbatan sezilarli darajada pasaygan.
Toshkentda uy-joy ijarasi
Sentabr oyida Toshkent shahrida uy-joy ijara narxlarining barqarorlashuvi davom etdi. Ijara o‘rtacha narxi o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarmagan — 1 kvadrat metr uchun $8,3.
Joriy yilning avgust-sentabr oylarida ijara narxlarida o‘rtacha o‘sish qayd etilishi bozordagi vaziyatning barqarorlashuvidan dalolat beradi.
Poytaxtning 14ta markaziy tumanlaridan uchtasida uy-joy ijarasi narxi pasaydi. Ijara narxi Olmazorda — 14,6%, Uchtepada — 7,4%, Bektemir tumanida — 3,8%ga pasaygan.
Shuningdek, narxlarning eng katta o‘sishi Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilib, tumanlarda ijara narxi o‘rtacha 7%ga oshdi.
Toshkent shahri tumanlari kesimida ijara narxidagi farqlar keskin o‘zgarmagan. Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqori bo‘lib, ijara narxi $10 atrofida.
Bektemir va Sergeli tumanlarida ijara narxlari nisbatan arzon shakllanib, kvadrat metr uchun o‘rtacha $6ni tashkil etdi.
O‘tgan yilning sentabr oyida Toshkent shahrida ijara narxlari bugungi kunga nisbatan, o‘rtacha 8,4%ga yuqori. Bu esa bozorning ushbu segmentida umumiy pasayish tendensiyasi saqlanib qolinayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga yil davomida ijara narxining sezilarli pasayishi Yashnabod (16,2%), Olmazor (12,2%) va Yakkasaroy (11%) tumanlarida kuzatildi.
Ikkilamchi uy-joy bozori
Joriy yilning sentabr oyida respublika bo‘yicha ikkilamchi bozor uy-joy narxlari deyarli o‘zgarmadi (0,1%ga o‘sish).
Yil davomida ikkilamchi bozorda 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha uy-joy narxi 6,7%ga oshdi.
Hududlar kesimida ikkilamchi bozor uy-joy narxlari sezilarli darajada Xorazm (19,5%), Buxoro (12,5%) va Samarqand (10%) viloyatlarida ko‘tarilgan.
Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar 1%ga pasaydi.
Eng katta pasayish Mirzo-Ulug‘bek — 2,5% va Yunusobod — 2,4% tumanlarida kuzatildi. Poytaxtning yana ikkita tumanida narxlar oshdi — Yakkasaroyda — 1,1% va Shayxontohurda — 0,3%.
Yillik hisobda Toshkentda ikkilamchi uy-joylar narxining o‘rtacha o‘sishi 1,8%ni tashkil etdi.