2026-yil oxirigacha Toshkent viloyatida qiymati $26 mlrd bo‘lgan 100dan ortiq loyihalar amalga oshiriladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyatda keyingi yetti yilda qariyb $9,4 mlrdlik investitsiyalar o‘zlashtirilib, 143 mingdan ortiq ish o‘rni va $5 mlrdlik eksport imkoniyati yaratilgan.
Buni davom ettirish uchun 2024−2026 yillarga jami $26 mlrdlik 125ta loyiha rejalashtirilgan. Ularning 21tasi strategik, 52tasi tarmoq hamda 52tasi hudud loyihalari hisoblanadi.
Shuningdek, bu loyihalar natijasida 42 mingta ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan. Davlat rahbariga umumiy qiymati $3,4 mlrd bo‘lgan 11ta loyiha taqdimot qilindi. Mazkur loyihalarga Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Rossiya hamda Ozarbayjon kabi mamlakatlar kompaniyalari va mahalliy tadbirkorlar investitsiya kiritmoqda.
Shu bilan birga, loyihalar to‘qimachilik, oziq-ovqat, tibbiyot, elektrotexnika, energetika, qurilish materiallari, geologiya hamda xizmat ko‘rsatish va boshqa tarmoqlarni qamrab oladi. Buning natijasida 23 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Xususan, Xitoy investorlari bilan hamkorlikda Olmaliq shahrida “Buyuk ipak yo‘li” industrial texnoparki tashkil etiladi. Unda elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika kabi yo‘nalishlarda 100ga yaqin korxona joylashtiriladi. 3 mingta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 5 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi.
Zangiota tumanida esa Janubiy Koreyalik investorlar bilan birgalikda jigar, bo‘g‘im, ko‘z va miya faoliyatini davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari ishlab chiqarish tashkil etiladi. U yerda 200 kishining bandligi ta’minlanadi.
Prezident investorlar uchun barcha sharoitlarni yaratish, loyihalarning har bir bosqichini nazorat qilib, masalalarini hal etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Avvalroq “TRT” kompaniyasi avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishga $1,15 mln yo‘naltirishi xabar berilgandi. Buning natijasida O‘zbekistonda BYD, Chery, Changan hamda Geely kabi avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.