14-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining rivoji, aholi hayoti va yangi loyihalar bilan tanishish maqsadida Toshkent tumaniga tashrif buyurdi.
Tumanning Keles yo‘li ko‘chasi kengaytirilgan holda qayta qurildi. Uning ikki tarafida Davlat xizmatlari markazi, Yoshlar markazi, madaniyat saroyi, amfiteatr, universal sport majmuasi, xotira maydoni va sayilgoh kabi inshootlar barpo etildi.
Bu uylarning yerto‘la va birinchi qavatida savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy va moliyaviy xizmatlar bo‘yicha 270ta shoxobcha tashkil qilinmoqda. Ularda 1 350 kishi, jumladan, shu yerlik yoshlar va ayollar ishli bo‘ladi. Yil yakunigacha 34 443ta ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.
Tumanda yil yakuni bilan qariyb $53 mln investitsiya o‘zlashtirilishi hisobiga sanoatda o‘sish sur’ati 9%, xizmat ko‘rsatishda 13% bo‘lishi kutilmoqda. Eksport hajmini $100 mlnga yetkazish maqsad qilingan.
Davlat rahbari undan keyin Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Technologies of Real Time” O‘zbekiston-Singapur qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Korxonada modernizatsiya ishlari amalga oshirilib, undagi 12ta sexga Xitoy, Rossiya, Koreya, Yaponiya va AQShdan keltirilgan uskunalar o‘rnatildi. Hozir 118 xil rusumdagi avtomobillarning yurish, transmissiya va boshqaruv tizimlari uchun 750dan ortiq turdagi ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi.
“Ko‘p detallar mahalliylashtirilgani hozircha ma’qul. Mutaxassislar zo‘r bo‘lsa, sifat ham, eksport ham oshadi”, — dedi prezident. Mutasaddilarga korxonada ehtiyot qismlar qatorini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Korxonada mahsulotlar buyurtma asosida O‘zbekiston bo‘ylab yetkazib beriladi. Xususan, “O‘zAvto Motors"ning Xorazm viloyatidagi zavodiga “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun 773 ming dona ehtiyot qismlar yetkazib berilgan.
Tovarlarni texnik tekshiruv va sinovlardan o‘tkazish uchun yangi laboratoriya tashkil etilgan. O‘tgan yili korxona tomonidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya, Ukraina va BAAga $3 mlnlik ehtiyot qismlari yetkazib berilgan. Joriy yilning 9 oyida $2 mlndan ziyod mahsulot eksport qilingan.
2025-yilda $1,15 mlnlik investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bunda “BYD”, “Chery”, “Changan”, “Geely Avto” hamda “Dongfeng” kabi yangi avtomobil brendlari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.
Loyiha natijasida 43ta yangi ish o‘rni yaratiladi, hozirda 220ta ish o‘rni mavjud. Ishlab chiqarish quvvatlari 180 mingdan 280 ming donaga yetkaziladi.
Avvalroq O‘zbekistonda “BYD Seagull” hamda “E2” elektromobillari sotuvi boshlangani haqida xabar berilgandi.