12-oktabr kuni “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yaxshilashga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning iyun oyida qabul qilingan qaror bilan “Umra” ziyorati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishga doir faoliyat litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziyalovchi vakolatli organ — Din ishlari bo‘yicha qo‘mita.
Hukumat qarori bilan, litsenziyalarni berish qat’i tanlov asosida joriy yilning oktabr oyidan boshlab, qo‘mita tomonidan amalga oshiriladi.
Bundan avval, qo‘mita turoperator uchun yangi talablar 5-oktabrdan kuchga kirishini ma’lum qilgandi.
“Umra” tadbirlarini tashkil etuvchilar uchun quyidagi litsenziya talablari belgilanmoqda:
- ziyoratchilarga guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassisni tayinlash;
- shtatida diniy ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bitiruvchisi bo‘lgan kamida 1 nafar mutaxassisning mavjudligi;
- voyaga yetmagan fuqarolarga xizmat ko‘rsatmaslik;
- $1 mln miqdoridagi mablag‘ni “Ziyorat” jamg‘armasiga zaxira sifatida qo‘yish (amalda $100 ming edi);
- o‘z faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmaslik;
- ziyoratchilarni toifasi 3 yulduzdan kam bo‘lmagan mehmonxonalarga joylashtirish;
- “Umra” xizmatini uchinchi davlatlar orqali ko‘rsatmaslik;
- xizmarlarni litsenziyada ko‘rsatilgan manzildan boshqa joyda joylashgan vakolatxona va filial orqali amalga oshirmaslik.
Shu bilan birga, ziyoratchilar uchun Saudiya Arabistonining faqat “Umra” vizasini rasmiylashtirish kerak bo‘ladi. Mazkur vizadan tashqari boshqa viza bilan fuqarolarni olib borish noqonuniy hisoblanadi.
“Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirishlari hamda ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlarni bank orqali amalga oshirishlari kerak.
Ziyoratchilarga “Umra” amallarini bajarishda zarur shart-sharoitlar yaratish va sifatli “Umra” xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek, Makka va Madinada ziyoratchilarga o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish zarur.
“Umrachi” tashkilotlarning xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi va yuk tashish bo‘yicha 2 yillik tajribaga ega hamda xalqaro va milliy talablarni buzmagan aviakompaniyalar bilan hamkorlik qilishlari, ziyoratchilarni yuborishdan oldin ularga borish-kelish aviachiptalarini xarid qilishlari talab qilinadi.
Shuningdek, mazkur faoliyat bo‘yicha litsenziya talablarini buzganlik uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (75 mln so‘m) etib belgilangan.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning matbuot xizmati rahbari Ilhom Ma’rufovning qayd etishicha, 2023-yilning 1-noyabridan buyon 80ga yaqin turoperatorlarga litsenziyalangan tartibda “Umra” safarini tashkil etishga ruxsat berilgan.
O‘zbekistonda “Umra” tadbirlarini tashkil etish
2023-yilning avgustida “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan, mazkur xizmatlar faqat mahalliy turoperatorlar tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Oktabrdan mazkur xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etilishi belgilandi. Noyabrga kelib esa qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari qo‘llanila boshlandi.
Joriy yil boshida “Umra” safariga borgan 4 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarolarini vaqtida mamlakatga qaytarish choralarini ko‘rmagani uchun “Panorama airways” xususiy aviakompaniyasi mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Undan keyin aviakompaniya bilan hamkorlik qilgan 39ta turfirmaga ham jinoiy ish ochildi.
Mart oyiga kelib, “Umra” ziyoratini tashkil etish uchun alohida litsenziya joriy etilishi ma’lum qilindi. Iyul oyida mazkur faoliyat litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi.