Joriy yilning to‘qqiz oyi davomida xorijdagi mehnat migrantlarining yarim million dollardan ortiq ish haqlari undirib berildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Migratsiyasi agentligi axborot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov ma’lum qildi.
O‘tgan davrda iqtisodiyoti yuqori davlatlar ish beruvchi va rekruting agentliklari bilan O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha 93ta shartnoma imzolanib, jami kelishuvlar soni 354taga yetdi.
“Xorijga ish — mahalladan” tizimi asosida 125 mingdan ortiq fuqaroning tashkiliy va manzilli tartibda ishga joylashishiga ko‘maklashildi. Bu mamlakatlar qatorida Rossiya, Qozog‘iston, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Germaniya, Polsha, Yaponiya, BAA, Ruminiya hamda Slovakiya kabi davlatlar bor.
Yil boshidan xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarning 42 222 nafari 30ga yaqin kasblarga va 4 998 nafari xorijiy tillarga o‘qishga jalb qilindi. Xorijdagi 193 mingdan ortiq fuqaroga axborot va maslahat xizmati, 4357 nafariga — huquqiy, 12 962 nafariga — ijtimoiy hamda 2 238 nafariga moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Fuqarolarning 1 037 nafariga bir martalik moddiy yordam berildi, 127 nafari vaqtincha yashash joylariga joylashtirildi, og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan 662 nafari esa O‘zbekistonga olib kelindi.
To‘qqiz oyda agentlikning xorijdagi vakolatxonalari aralashuvi bilan 1 208 nafar fuqaro ish beruvchilaridan $508 mingga yaqin ish haqlari undirib berildi.
Xorijiy davlatlarda tibbiyot, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, qurilish, qishloq xo‘jaligi, yuk avtomobil haydovchisi, payvandlash, elektrik, IT kabi sohalar bo‘yicha 154 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari aniqlangan.
Germaniyaning 25ta ish beruvchi tashkiloti bilan 60 mingga yaqin fuqaroni to‘g‘ridan to‘g‘ri va “Ausbildung” asosida ishga jalb qilishga kelishildi. Ularga tibbiyot, haydovchilik, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘rtacha $2 100 ish haqi taklif qilinmoqda. Britaniyada tibbiyot yo‘nalishida 10 ming va mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga 3 mingta ish o‘rniga talabnoma olingan. Ish haqi — $2 500.
Bu yil birinchi marotaba Janubiy Koreyaga ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, qurilish, kemasozlik, tog‘-konchilik va o‘rmonchilik sohasiga 13 700ta ish o‘riniga kvota olindi. Ish haqi o‘rtacha — $2 ming.
Mazkur bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha xorijiy tillarni biladigan hamda malakaga ega nomzodlar o‘zlari to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki mahalladagi hokim yordamchilari orqali murojaat qilishlari mumkin.
O‘zbekistonliklar uchun Germaniyaga ishchi vizalarini berishni yengillashtirish rejalashtirilmoqda. Mamlakatning “Globogate Concept” hamda “Deutsche Bahn” kompaniyalari bilan o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi.
Turkiya ishtirokida esa O‘zbekistonda kasblarni xalqaro sertifikatlashtirish tizimi joriy etiladi. Bu fuqarolar uchun mamlakatning o‘zida Yevropada tan olingan xalqaro sertifikatni olish imkonini beradi.
Yanvarda prezident Bandlik vazirligiga 100 ming nafar o‘zbekistonlikni o‘qitish hamda Yevropa va Osiyo mamlakatlariga jo‘natish bo‘yicha topshiriq bergandi. Mehnat muhojirlarining atigi 6%i uyushgan holda chet el korxonalariga ishga yuborilgan. Undan keyin, 2024-yilda Janubiy Koreyaga ishga yuborish uchun ilk bor 100 ming nafar o‘zbekistonlik tanlovlarga jalb qilinishi belgilangandi.