Yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi 2023-yilni zarar bilan yakunlagan. Bu haqda Oliy Majlis Senatining ellik sakkizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruv raisi Zufar Narzullayev ma’lum qildi.

“„Afrosiyob“ elektropoyezdlari biron yil daromad bilan ishlamagan, faqat zarar bilan ishlagan. O‘tgan yilning o‘zida 238 mlrd so‘m zarar ko‘rgan. Chunki, poyezdlar narxi, Yevropa, umuman jahon miqyosida tezyurar poyezdlar narxi samolyot, [boshqa] poyezdlar narxidan doim qimmat yurgan. Oddiy poyezdlar narxi tarif asosida ushlab turilgan”, — dedi u.

Narzullayev shundan kelib chiqib, xalqaro kompaniyalar bilan ishlar olib borilayotganini, o‘rganishlar natijasida bozor iqtisodiyoti tamoyiliga o‘tilganini qayd etdi.

“O‘TY” raisi kelajakda yuqori tezlikda yuruvchi poyezdlarning chipta narxini samolyot chiptalari kabi o‘zgaruvchan narxlarda sotish joriy etilishini ma’lum qildi.

“[2025-yilning] 1-yanvaridan boshlab, milliy dastur [joriy etiladi]. Hozirda dasturchilar [tomonidan] ishlab chiqilmoqda. Bunda poyezdlar [chipta narxi] talabga qarab, xuddi samolyot [chiptalari narxlari kabi] o‘zgarib turadi. Qolgan poyezdlarning chipta narxlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan tartibga solinib turiladi”, — dedi Zufar Narzullayev.

Iyun oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” tezyurar poyezdlar uchun chiptalar narxini oshirdi. 1-iyuldan “Nasaf”, “O‘zbekiston” va “Sharq” yo‘nalishidagi chiptalar narxi 25%ga oshdi. Bu yil boshidan beri tezyurar poyezdlar narxining ikkinchi o‘sishidir. Yanvar oyida chiptalar narxi 20%ga oshirilgandi.

Bundan tashqari, kompaniya tomonidan “Afrosiyob” tezyurar poyezdlarining chiptalari narxi bir necha bor oshirilgan. Birinchi marta narxlar o‘tgan yilning noyabr oyida 60%ga ko‘tarilgan, keyin esa ikki marta — yanvar va may oylarida oshirildi.

Kompaniya ko‘p yillik zarardan keyin foydaga chiqdi. Yangi yo‘lovchi vagonlar ishlab chiqarish, Xitoydan lokomotiv olib kelish va elektrovozlarni modernizatsiya qilishga jami $231 mln ajratish rejalashtirilgan.